Indoneziya parlamenti koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtatilgan poytaxtni Jakartadan Borneo oroliga ko‘chirish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
Indoneziya — 18 ming oroldan iborat dunyodagi eng katta arxipelagda joylashgan.
Tirbandlik, suv toshqini va havo ifloslanishidan aziyat chekayotgan 10 million kishilik gavjum megapolis – Jakartadan hukumatni ko‘chirish rejasi turli davrda bir necha prezident tomonidan ilgari surilgan. Afsuski, hozircha buning uddasidan chiqishmagan.
Indoneziyaning yangi poytaxti, Kalimantan oroli janubi-sharqida joylashgan Nusantara shahri tarjimada “arxipelag” ma’nosini anglatadi.
Prezident Joko Vidodo 2019 yili markazni o‘zgartirish rejasini e’lon qilgan va ayni maqsadni amalga oshirish uchun g‘aznadan qariyb 32 milliard dollar ajratilgan.