Nukus shahrining “Navro‘z” mahallasida yashovchi Paraxat og‘a Buxanov hamda uning turmush o‘rtog‘i Jumagul opa Abdanovani bugun nafaqat nukusliklar, balki, Qoraqalpog‘istonning ko‘pchilik aholisi yaxshi biladi.

Tong saxardan yaxshi niyatlar bilan ochilgan xonadon eshigi kechasi soat bir-ikki bo‘lsa hamki, qulflanmaydi. “Qoraqalpoqcha” og‘izbirchilik, samimiylik, mehmondo‘stlik  bu xonadon egalarining xalq orasida maqtovini oshirib, obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirdi.

Ma’lumki, “Sahro kemasi” deb ataluvchi tuyalar bugungi kunda ham odamlarning yaqin hamrohi, daromad manbai sifatida qadrlanadi. Tuyalar uzoq yillar davomida ko‘pgina davlatlarda transport vazifasini bajargan. E’tiborlisi, cho‘lga chidamli bo‘lgan bu tuyalar 300-400 kilogramm og‘irlikdagi yuklarni o‘z manzili tomon yetkazib bergan. Tuya suti o‘zining shifobaxsh xususiyatiga ega.

Bu haqida tabobat ilmining sultoni Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida ham alohida qayd etilgan. Ya’ni, tuya suti o‘pka sili, oshqozon ichak kasalliklari, qandli diabet kabi ko‘pgina kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. Tuya juni asosan bahorda qirqiladi. Qalin va uzun junlari uni yozning jaziramasi-yu, qish qahratonidan saqlaydi. Qolaversa bugungi kunda tuya junidan tayyorlangan mahsulotlar tanani issiq saqlashi va davolash xususiyatiga egaligi bilan ham qadrlidir.

Oilaning har jihatdan mukammal bo‘lishi ko‘proq ayol kishiga bog‘liq. Shu bois ham xalqimiz azal-azaldan ayol, ona zotini ulug‘lab, ularni uyimiz fayzi, charog‘boni, baxtu-iqboli deya qadrlaydi.

– bugungi kunda xonadonimizda 11 bosh tuya bor, shundan 6 tasi sog‘in tuyalardir. Ular asosan yantoq, qamish, bilan oziqlanadi, – deydi  Jumagul opa Abdanova. – Bir haftaga qadar suvsizlikka chidashi mumkin. Lekin biz har kuni suv tutamiz. Kuniga 3-4 mahal sog‘amiz. Suti shifobaxsh bo‘lgani uchun ko‘pchilik odamlar uyga kelib iliqligida ichishadi. Shubat ham tayyorlaymiz.

Xonadon egalarining aytishicha, har bosh tuya 3-4 litrdan sut berar ekan. Bir litr sut 14 mingdan sotilarkan. Ushbu xonadonga mahalliy aholi bilan bir qatorda hattoki Angliya, Fransiya, Germaniya, Moskva kabi dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan ham sayyohlar tashrif buyurib, tuya sutidan totib ko‘rgan ekan.

– Biz oldin faqat shubat tayyorlab sotar edik, – deydi kelini Gulbanu Musagaliyeva. – Ammo, to‘rt-besh yillar oldin bir voqea sabab bo‘lib, sutini iliqligida sota boshladik. Bizdan sal narida yashovchi mahalladoshimizning ayoli saraton kasalligiga chalinib, yotib qolibdi. O‘shanda, unga kimdir tuya sutining foydasi haqida aytgan ekan. Keyin u har kuni biznikiga kelib sut olib ketardi. Qaynotam juda saxiy insonlar. Ayoling kasal bo‘lsa pul bermay qo‘yaqol, shundoq olib ichaver, savob uchun, derdi. O‘sha ayol sog‘ayib ketdi. Eri har zamonda kelib, rahmat aytib ketadi. Shu-shu bo‘ldi-yu, birovdan-birov eshitib, uyimizga har kuni odamlar shifo deya sut ichgani keladi.

Darhaqiqat, tuya sutining shifobaxsh xususiyatlari juda ko‘p. Jumladan, tuya suti kamquvvatlik, kamqonlik, sil, nafas va oshqozon-ichak yo‘llari, jigar, buyrak, yurak, asab kasalliklarini davolashda iste’mol qilinadi. Tuya sutidan tayyorlangan ichimliklarni nafaqat bemorlar, balki sog‘lom odamlar ham immunitetni tiklash uchun ichishi mumkin. Bu ichimliklar chanqoqni bosib, organizmni tetiklashtiradi, ochlikdan saqlaydi. Chunki, tuya suti tarkibida V1, V2 vitaminlari, temir, fosfor, oltingugurt, kalsiy moddalari mavjudligi mutaxassislar tomonidan isbotlangan. Shuningdek, bu sutni ilk bor iste’mol qilgan ayrim bemorlarda ich surilishi mumkin. Bunda organizm tanadagi ortiqcha shlaklar, toksinlardan tozalanadi.

Ma’lumki, tuyaning juni ham foydali. Aprel-may oylarida tuya yungi (juni) tulab, qirqib olinadi. Tuya junidan Jumagul opa uy-ro‘zg‘or uchun kerakli buyumlarni tayyorlaydi. Olingan junni yaxshilab qo‘lda yuvadi, quritadi, keyin uni tozalab, titadi. Chiviqda savaydi, tayyor holga kelgan jundan qoplab ko‘rpa, ko‘rpacha tikadi, paypoq, yoki tizzani, belni bog‘laydigan belbog‘lar tayyorlaydi.

Uy sharoitida tuya boqish qiyinchilik tug‘dirmaydimi, deya savol bergandim hamki, qo‘shni ayol biz o‘tirgan xonaga kirib keldi.

– Bu oila haqida mana mendan so‘rang, – deydi Kenjegul opa Aydarova. – Mana salkam 50 yildirki, qo‘shni yashaymiz. Xonadon egasi juda ochiqqo‘ngil inson. Men bundan to‘rt yil avval ko‘krak bezi saratoni kasalligiga chalinib qolgandim. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazdim, kimyo terapiyasini oldim. Erim ham nogiron. Mana shunday qiyin ahvolda menga doimo ushbu xonadon egalari yordam qo‘lini cho‘zgan. Qo‘shnilarim dori-darmoningga ishlatarsan, deb pul yig‘ib berardi. Jumagul do‘stim menga mana shundan buyon tuya sutini ichgin, tuzalib ketasan, deya bepul beradi. Shunday yaxshilik qilish uchun odamda mehr, insoniylik, keng qalb bo‘lishi kerak. Paraxat va Jumagulda mana shu insoniylik bor. Inson qanchalik keng bo‘lsa, Yaratgan ham unga nasibasini, rizqini shunchalik ko‘p beradi.

Ha, “Olisdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi”, deganlaridek, bu oilani barcha qo‘ni-qo‘shni birdek yaxshi ko‘rib, hurmat qiladi. Buning o‘ziga yarasha sabablari ham bor. Qo‘shni ayolning aytishiga qaraganda, uy sohibi ko‘ngli ochiqligi, saxiyligi shuncha, mahallada bo‘ladigan to‘y-marakalarga ham sut, shubat eltib, “hovur bosti”ga ichar ekan. Qolaversa, oshna-og‘aynilarni ham uyga taklif etib, bir kosadan ilinar ekan.

Bugun tuya boqib, ro‘zg‘or tebratayotgan oilaning daromadi ancha yaxshi. Yangi hovli, avtoulov, sigirlar, tovuqlar, tuyatovuqlar bularning barchasi mana shu tuyachilikdan kelayotgan daromad sabab.

Kelini Gulbanu Musagaliyevaning aytishicha, ba’zan xonadoniga homilador ayollar kelib turarkan. Ya’ni, homilasi 9 oydan o‘tib, tug‘ishda qiynalayotgan ayollar kelib, tuyaning tagidan o‘tisharkan. Agar shunday qilinsa, to‘lg‘oq tutib, ayol tez tug‘ishi mumkin ekan. Ammo, Gulbanu bu irimlarga unchalik ishonmaydi. Chunki, u o‘zi homilador holiga tuya suti, shubat ichib, homilasi 7 oylik bo‘lganida chaqalog‘ini dunyoga keltirgan. Darhaqiqat, tuya haqidagi rivoyat, afsonalar qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishini bilmadigu, ammo, xalqimiz orasida shu kabi irimlar ham mavjud.

– Biz tuyani uy sharoitida boqqanimiz bilan ularni ertalab soat yettidan kechgi soat olti-yettilarga qadar yaylovda o‘tlatamiz, – deydi onaxon. – Buning uchun maxsus cho‘pon (tuyaboqar) yollab qo‘yibmiz. Tuyalar yiliga bir tug‘adi. Ba’zan o‘zimiznikiga qo‘shimcha respublikamizning Do‘stlik, Qoratog‘ tomonlardan ham sotib olamiz. Bir tuyaning narxi 25-30 million so‘m. Bir qaraganda tuyalarni bir-biridan ajratish qiyin. Ammo, tuyalarimizning o‘z nomlari bor.

Shu o‘rinda onaxondan onalik, ayollik baxti haqida so‘radim. Shunda onaxon “ayolning onaning baxti, bu oilasining xotirjamligida, elu yurtining tinchligida, farzandlari salomatligi-yu kamolida. Ayol boriga, bir burdaga ham qanoat qiladi, ammo ayolning mehri, sevgisi butun dunyoga yetadi”, dedi. Bu jumlalar oddiy va odatiy bo‘lishi mumkin, ammo bu so‘zlar zamirida olam-olam ma’no mujassam. Zero, ayol, ona duosi bilan bu dunyo go‘zal va oboddir.

Paraxat og‘a va Jumagul opaning maqsadlari katta. Kelajakda tuyalar sonini yanada ko‘paytirib, tuya suti bilan ta’minlashga ixtisoslashtirilgan markaz ochishdir.

Inson yashar ekan orzu, maqsad qilishdan charchamaydi. Tuyachilikni rivojlantirib, chorvani kengaytirishni maqsad qilgan bu oilaning baxtiga ko‘z tegmasin. Zero, “Qalovini topsa, qor ham yonadi”, degan ibratli naql aynan ushbu oila misolida aytilgandek.

Feruza Nurullayeva,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi.
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA