Nukus shahrining Otchopar maydonida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayrami bilan tabrikladi. Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya va diversifikatsiyalash, yer-suv resurslaridan samarali foydalanish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xalqni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, fermer va klasterlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi yurtimizda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik dehqon-fermerlarimiz, qishloq xalqiga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, yilning mashaqqatli kelishiga qaramasdan paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirib kelmoqda.

Bayram tomoshalari arqon tortishuv bellashuvi bilan boshlandi. Unda Chimboy tumani birinchi, Qo‘ng‘irot tumani ikkinchi, Sho‘manoy tumani jamoasi uchinchi o‘rinni egallab, tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Bosh bayroq uchun maydonda Sho‘manoy tumanidan Miyirbek Abdixaliqov va Xo‘jayli tumanidan Zarapatdin Turdimuratov bellashdi. Bir-biriga munosib polvonlar bellashuvida Zarapatdin Turdimuratov g‘alaba qozondi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov polvonga bosh bayroq – Prezident sovg‘asi “Jentra” avtomashinasini tantanali ravishda topshirdi. So‘ng bir nechta vazn toifasida polvonlar bellashib, g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Qo‘chqorlar urushi ham tomoshabinlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Har bir g‘olib bo‘lgan qo‘chqor egalariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Shundan so‘ng bir, uch, besh, yetti, o‘n aylanishga otlar yuborildi. Unda Toshkent shahri, viloyatlar va Orolbo‘yining barcha tumanlaridan kelgan mohir chavandozlar tashkilotchilar tomonidan qo‘yilgan qimmatbaho sovg‘alar uchun maydonga tushdi. Ayniqsa, o‘n aylanishdagi ot chopish barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Marraga birinchi bo‘lib kelgan Toshkent shahridan Avaz Ismailovning oti bosh bayroqni qo‘lga kiritdi. Unga Prezident sovg‘asi – “Jentra” avtomashinasi topshirildi. Keyingi o‘rin sohiblari mototsikl, muzlatkich, televizor, gilam kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, «Qiz quvish», «Tanga olish», «Ko‘kpar» musobaqalari g‘oliblari aniqlanib, ularga ham qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

– Yakunlanayotgan yil soha xodimlari uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i, «Do‘stlik» ordeni sohibi M.Qurbaniyazov. – Sohani modernizatsiya qilish, ya’ni yerlarni lazer yordamida tekislash, tomchilatib sug‘orish va boshqa yangi usullarning joriy etilishi hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. bugungi kunda paxtachilikda 10 ta, g‘allachilikda 30 ta klaster korxonasi faoliyat olib bormoqda. Buning barchasi Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasidir.

Bayram davomida dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsuotlari yarmarkasi namoyish etildi. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi bayram ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan bayram tomoshalari xalq sayli bilan davom etdi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA