Nukusda ko‘l jangi bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari A.Davletov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va uning samaralari xususida gapirdi. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari 9 ta vazn toifasida o‘zaro bellashdi.
Musobaqa yakunida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, ikkinchi o‘rinni Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, uchinchi o‘rinni Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi kubogi, medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA