Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yil rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

– Toshkent shahrida birinchi qavatda joylashgan noturar ob’ektning ijarasi o‘rtacha 3-5 million so‘m, viloyat markazlarida 1-2 million so‘m turadi. Sartaroshlik, tikuvchilik kabi xizmatlar uchun buncha miqdorda ijara haqi to‘lashga odamlarning imkoni yo‘q, – dedi davlatimiz rahbari.

Mas’ullarga bu tizimni o‘zgartirish va ijara narxini arzonlashtirish haqida topshiriq berdi.

Prezident Denovdagi noxush hodisalarga to‘xtaldi.

– Denovda bo‘lgan noxush voqea hammaning ko‘zini ochishi kerak. Har bir hokim, prokuror, ichki ishlar, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Qurilish, Sanoat xavfsizligi boshqarmalari rahbarlari o‘z hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, texnik standartlarga amal qilish, pala-partish qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, yer osti tarmoqlar hisobini yuritish ustidan qat’iy nazorat tizimini o‘rnatishi shart. Lekin Denovdagi baxtsiz hodisa uchun gaz ta’minoti mutasaddilari jinoiy javobgarlikka tortiladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, Prezident hukumatga barcha gaz liniyalarini qayta xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shu yilning 7 dekabrga o‘tar kechasi Denovda “Indenim” savdo markazida gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida portlash bo‘lgan edi. Noxush hodisa oqibatida 2 kishi halok bo‘lgani aytilgan.

 

O‘zA