O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi Ijrochi kotibi Tatyana Molchanni qabul qildi.

Suhbat avvalida Tatyana Molchan Prezidentimizga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Mintaqa va mamlakat miqyosidagi loyihalarni amalga oshirish hamda o‘tgan yil noyabr oyida Bok-u shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari komissiya 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muhim o‘rnini, uning transport, innovatsiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va gender tenglik, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi masalalaridagi ko‘magini qayd etdi.

2030-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan SPEKAni rivojlantirish konsepsiyasini tez fursatda qabul qilish, dasturning Maqsadli jamg‘armasini ishga tushirish va qator konseptual hujjatlarni tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.