Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yil rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda qabul qilingan Prezident farmoni va qarori bilan xizmatlar sohasi uchun barcha tashkiliy va moliyaviy masalalar yaratib berildi.

Xususan, pandemiya davrida umumiy ovqatlanish, savdo, turizm, transport sohalari uchun berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi. Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda ko‘tarilgan muammolar tahlil qilinib, ularning yechimi bo‘yicha alohida Dastur qabul qilindi.

Umuman, joriy yilda 18 trillion so‘mlik 29 mingta loyiha amalga oshirilib, xizmatlar sohasi 20 foizga o‘sgan. Lekin, yaratib berilgan shuncha imkoniyatlarga qaramasdan 5 ta tuman va shaharda bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lgan. Quvada – 5, Marg‘ilon, Beshariq, Taxiatoshda – 6 , Dang‘arada – 7 foiz.

– Mas’ullar masalaning ichiga kirib ishlamagani oqibatida aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi pastligicha qolmoqda. Bir narsani aniq tushunish lozim, xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun har bir hududga alohida yondashuv zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Masalan, Boysun bilan Mirishkorda qanday xizmatlarga talab bor. Marg‘ilon – Ohangaron yoki Namangan – Samarqandda qaysi xizmatlar “drayver” bo‘ladi, degan savollarga aniq rejalar bo‘lishi zarur.

Mutasaddilarga bir oy muddatda yangi yondashuv asosida har bir tuman va shahar kesimida alohida dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Bunda aholi soni, geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, hududlarda xizmatlar 3 ta yo‘nalishda rivojlantiriladi.

 

O‘zA