Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi “Metallurg” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan voleybol bo‘yicha O‘zbekiston superkubogi musobaqasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi g‘olib bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqada O‘zbekiston kubogi g‘olibi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti “NDPI” qizlar terma jamoasi O‘zbekiston chempioni, azaliy raqibalari bo‘lgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “SKUF” jamoasiga qarshi o‘ynadi.
Musobaqaning dastlabki kuni Nukus davlat pedagogika instituti “NDPI” qizlar terma jamoasi raqiblarini 3:1 hisobida yengan bo‘lsa, musobaqaning ikkinchi kunida ham “SKUF” jamoasi qizlariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – hisob 3:0.
– Mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalash, yosh sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor samarasida yoshlarimiz respublika hamda xalqaro sport musobaqalarida g‘olib bo‘lmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy, “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibi, sport faxriysi Azat Kazakov. – Shu yilning mart oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov hamda Vazirlar Kengashi Raisi Qaxraman Sariyevlar sportchi qizlarimiz bilan uchrashdi. Ularga barcha zarur sharoitlarni yaratib berishi mana shunday g‘alabalarni qo‘lga kiritishimizda ahamiyatli bo‘ldi.
Shunday qilib, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining “NDPI” qizlar terma jamoasi voleybol bo‘yicha bu yilgi O‘zbekiston superkubogi g‘olibi bo‘lib, mutlaq chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, “NDPI” qizlar terma jamoasi voleybol bo‘yicha o‘tgan yilgi mavsumda ham O‘zbekiston chempionati hamda superkubogi musobaqalarida g‘alabaga erishib, mutlaq chempionlikni tantana qilgan edi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA