Nukus shahrida qo‘l jangi bo‘yicha 14-15 va 16-17 yoshdagi o‘smirlar va qizlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi hamda Turizm va sport bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Taxiatosh, Chimboy, Amudaryo tumanlari va Nukus shahridan jami 200 nafardan ziyod sportchi o‘z vazn toifasida bellashdi.

Musobaqada 14-15 yoshdagi o‘smirlar va qizlar o‘rtasida Ernazar Mahsetboyev, Azamat Imanmadiyev, Ruslan Murodboyev, Islom Do‘sbergenov, Baurjon Asqarov, Sabina Bekbergenova, Shahnoza Shodimurodova, Sayyora Matjonova, Roziya Duysenova, 16-17 yoshli sportchilar o‘rtasida Bahodir Utemurodov, Elbek Abdullayev, Otabek Javmitboyev, Alpomish Esbergenov, Sayidbek Jalgasboyev, Shahzoda Abdumurodova, Nursuluv Maqsudova, Vinera Yerlepesova va To‘maris Safarniyozova shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Maqsad HABIBULLAEV  (surat), O‘zA