Barcha sohalar rivojida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishning ahamiyati beqiyos.
O‘zbekiston notarial palatasi shu nuqtai nazardan xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirmoqda. Ko‘plab mamlakatlar notarial tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Jumladan, Notarial palata tomonidan Litva, Ukraina, Belarus, Ozarbayjon va Qozog‘iston Notarial palatalari bilan imzolangan memorandumlar doirasida faol hamkorlik qilinmoqda.
Italiya notariuslar milliy kengashi, Germaniya notariuslari Federal palatasi, Ispaniya notariuslari kengashi hamda Xalqaro notariuslar ittifoqi bilan esa hamkorlik haqida muzokaralar olib borilmoqda.
Shuni alohida aytish joizki, O‘zbekiston notarial palatasi Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘lish va mamlakat notariatini jahon notariat tizimi darajasiga ko‘tarish borasida tizimli ishlarni davom ettirayotir.
Notarial palata endilikda Fransiya hamda Rossiya davlatlari Notarial palatalari bilan ham hamkorlikni rivojlantiradi.
O‘zbekiston notarial palatasiga ushbu mamlakatlar delegatsiyalarining tashrifida shu haqda kelishib olindi.
Notarial palata raisi Dilshod Ashurov mehmonlarni qabul qilar ekan, ularga mamlakatimizda notarial sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Notarial xizmat ko‘rsatishni zamonaviylashtirish va qulaylashtirish uchun ushbu soha davlat sektoridan xususiy sektorga o‘tkazilgani katta ijobiy natija ko‘rsatdi. Xususiy notariuslar ish sifatiga e’tibor qaratayotgani, mijozlar ishonchini oqlashga intilayotgani sohada o‘z-o‘zidan byurokratiya, korrupsiya kabi illatlarga barham berdi.
“Notarius” elektron axborot tizimining ishga tushirilgani ish olib borishni tezlashtirish bilan birga sifatiga ham katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Barcha notariuslar palata bilan hamkorlikda aholining huquqiy madaniyatini oshirishga harakat qilayotgani, ya’ni ochiq muloqotlarda fuqarolar bilan fikrlashib, ularning savollariga javob berib borayotgani ishlar samaradorligini oshirmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, Fransiya notariuslari oliy kengashi hamda Rossiya Notarial palatasi delegatsiyalarining tashrifi dastlab Buxoro hamda Samarqand viloyatlarida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyati bilan yaqindan tanishishdan boshlangan edi.
O‘zaro muloqotda mehmonlar elektron notariat mamlakatning barcha hududlarida bir xil ishlashi, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga boshqa davlat xizmatlarining integratsiya qilingani xizmat ko‘rsatishni qulaylashtirganiga guvoh bo‘lganini ta’kidladi.
– Notarial palata taklifiga binoan O‘zbekistonga keldik, – deydi Federal notarial palatasi prezidenti maslahatchisi Aleksandr Yanin. – Buxoro hamda Samarqand viloyatlarida hududiy boshqarmalar hamda notariuslar faoliyati bilan tanishdik. Notariuslar idoralarida yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdik. Taassurotlarimiz faqat ijobiy, bugungi davra suhbatida mamlakatingiz notariat sohasidagi yangiliklar haqida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldik. Biz ham o‘z tajribalarimiz haqida ma’lumot berib, kelgusida qanday yo‘nalishlarda hamkorlik qilishimiz haqida kelishib olamiz.
– Tashrif davomida O‘zbekiston notariat tizimida ro‘y bergan yangiliklarning ko‘pligi bizni hayratda qoldirdi, – deydi Vertu shahri notariusi, Xalqaro notariuslar ittifoqining Sharqiy Yevropa mamlakatlari bilan hamkorligi bo‘yicha mas’uli Antuan Dejua. – O‘zbekiston notariati raqamlashtirish yo‘lida jadal borayotgani e’tiborga molik. O‘ylaymanki, elektron notariat loyihasi kelgusida o‘z mevasini beradi. Biz O‘zbekiston Notarial palatasining Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘lishini istaymiz va bu yo‘lda ko‘magimizni ayamaymiz. Fransiya notariati tajribasi ikki asrga teng. Raqamlashtirish davlatga ham, aholiga ham foyda ekani bizning tajribada ham isbotini topdi.
Delegatsiya a’zolari Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
N.Abduraimova, O‘zA