10 noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar Savdo-sanoat palatasi Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Turkiy tilli davlatlar Savdo-sanoat palatalari, Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari raisi Mustafo Rifat Hisorjiqli o‘g‘li, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amreyev, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, shuningdek, turkiy tilli davlatlarning Savdo-sanoat palatalari raislari ishtirok etdi.

Tadbirda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bosh Assambleya yig‘ilishida Turkiy tilli davlatlar Savdo-sanoat palatasi, Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari raisi Mustafo Rifat Hisorjiqli o‘g‘li so‘zga chiqib, xalqaro masalalar bo‘yicha ishtirokchi mamlakatlar pozitsiyalarining yaqinligi strategik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi B.Amreyev o‘z nutqida a’zo mamlakatlar amalga oshirayotgan ishlarga alohida urg‘u berdi. Buning natijasida Turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatasi a’zolari o‘zlarini biznes hamkorligining muvofiqlashtiruvchi mexanizmi sifatida tavsiya etayotganini qayd etdi.

Tadbirda ishtirokchi davlatlar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston SSP raislari ham ma’ruza qildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov pandemiya bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi mamlakatlarining Savdo-sanoat palatalari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha faol ishlarni davom ettirayotganini ta’kidladi.

Koronavirus pandemiyasiga qaramay, Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi uch yilda ikki baravar ko‘payib, 2020 yilda 6,7 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning birinchi yarmida ushbu ko‘rsatkich 4,7 milliard dollarni tashkil etdi.

Tadbirda O‘zbekiston tomoni tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida eksport qiluvchi kompaniyalarga bojxona imtiyozlari berish, Turkiy kengash mamlakatlari o‘rtasidagi savdo tartiblarini soddalashtirish orqali tashqi bozorlarga chiqish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishni taklif qildi.

Shu bilan birga, Adham Ikromov hamkor mamlakatlar Savdo-sanoat palatalari va biznes tuzilmalarining rolini oshiradigan savdo-iqtisodiy, moliyaviy va texnikaviy, transport-kommunikatsiya va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, mamlakatlar korxonalari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etishda tezkor va samarali yordam ko‘rsatish uchun xalqaro arbitraj institutidan foydalanish taklif etildi.

Bundan tashqari, ta’lim sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan tadbir ishtirokchilari Turkiya Iqtisodiyot va texnologiya universitetining Toshkent filialini tashkil etish bo‘yicha muvaffaqiyatli qo‘shma loyiha amalga oshirilgani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

Ayni daqiqalarda Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar Savdo-sanoat palatalari biznes forumi boshlandi.

 

Matnazar Elmurodov tayyorladi, O‘zA