Poytaxtimizda Slovakiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Faxriy konsulligi tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi faxriy konsuli Vasiliy Shimkoga konsullik patenti topshirildi. Qayd etilishicha, Vasiliy Shimko bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparkining rezidenti “Chirana Asia” Slovakiya – Rossiya – O‘zbekiston qo‘shma korxonasining rahbari hisoblanadi.
Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi faxriy konsuli Vasiliy Shimko Markaziy Osiyoda yagona jahon standartlariga mos o‘pkani sun’iy nafas oldirish uskunalari ishlab chiqarish zavodi asoschilaridandir.
Tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova so‘zga chiqib, mazkur korxona aynan pandemiya davrida faoliyat yuritib, ko‘plab insonlarning jonini saqlashga xizmat qilgani haqida fikr bildirdi.
bugungi kunga kelib O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan o‘pkani sun’iy nafas oldirish uskunalari Ichki ishlar vazirligi gospitali, 1-sonli shahar shifoxonasi, «DMC»klinikasi va boshqa shifoxonalarda o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan 10 ming soatdan ortiq foydalanildi va ular o‘z samarasini namoyon etib ulgurdi.
“Chirana Asia” zavodining o‘quv markazida har oyda O‘zbekistonning taniqli reanimatolog-anesteziologlari va zavodning yetakchi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarish uskunalari va ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishish bo‘yicha amaliy o‘quv seminarlari o‘tkazib kelinmoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasiga yuqori Yevropa texnologiyalarini o‘tkazmoqda. Korxona, shuningdek, ko‘plab xayriya tadbirlarida qatnashadi, turli tibbiyot muassasalariga, nogiron bolalarga, urush qatnashchilariga yordam ko‘rsatadi.
“Yashnobod” innovatsion texnoparkining rezidenti Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi faxriy konsul etib tayinlanishi Slovakiya Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi madaniyat va ta’lim sohalari bilan bir qatorda siyosat, investitsiya va iqtisodiyot sohalarida ham jadal aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA