Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya raisi Z.Nizomxo‘jayev olib bordi.

Komissiya a’zolari 2021 yil 24 oktyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

– Pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitga qaramasdan, karantin qoidalariga amal qilgan holda Prezident saylovida 16 milliondan ziyod yoki 80,4 foiz saylovchi o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi, – dedi Z.Nizomxo‘jayev. – Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni milliy saylov qonunchiligimiz hamda umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga mos, yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan barcha okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga, vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, boshqa mutasaddilarga, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari vakillariga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ta’kidlanganidek, Prezident saylovini katta qiziqish bilan kuzatib va o‘rganib borgan xalqaro tashkilotlarning missiyalari, xorijiy davlatlarning mingga yaqin kuzatuvchilari, yuzlab chet ellik jurnalistlar tomonidan mamlakatimiz saylov qonunchiligi va amaliyotida qisqa muddat ichida amalga oshirilgan muhim o‘zgarishlar alohida e’tirof etildi.

Saylov kodeksining 95-moddasiga muvofiq, Okrug bo‘yicha saylov natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etilgan bayonnomalari asosida aniqlanadi. Okrug saylov komissiyasi okrug bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning umumiy sonini, saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini, har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini hamda haqiqiy emas, deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Okrug bo‘yicha saylov natijalari okrug saylov komissiyasining majlisida aniqlanadi va bayonnomaga kiritiladi. Bayonnoma komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi, boshqa a’zolari tomonidan imzolanadi hamda tegishli saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 14 ta okrug saylov komissiyasidan saylov okrugi bo‘yicha ovoz berish natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalari Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan tartibda yetkazib berildi.

Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar tomonidan har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar soni quyidagicha ko‘rinish oldi:

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimovga – 549 ming 766 nafar yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 3,39 foizi;

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyevga – 12 million 988 ming 964 nafar yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 80,12 foizi;

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Oblomuradovga – 670 ming 641 nafar yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 4,14 foizi;

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirovga – 888 ming 515 nafar yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 5,48 foizi;

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Vorisovaga – 1 million 75 ming 16 nafar yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 6,63 foizi yoqlab ovoz bergan.

Haqiqiy emas, deb topilgan saylov byulletenlarining soni 39 ming 443 tani yoki 0,24 foizni tashkil qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi Okrug saylov komissiyalarining bayonnomalari Markaziy saylov komissiyasi a’zolari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida mazkur bayonnomalar Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablariga to‘liq amal qilgan holda rasmiylashtirilgan, deb topildi.

Majlis so‘nggida komissiya a’zolari 2021 yil 24 oktyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomani tasdiqladi hamda qaror qabul qilindi.

 

N.Nasriyev, O‘zA

Oqiljon G‘ulomov (surat),O‘zA