Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasida “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va ayollar yetakchiligi” mavzusida mintaqaviy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska hamda qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirilish jarayoni muhokama etilib, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibi doirasida gender masalalari bo‘yicha BRMga erishishga mintaqaviy yondashuvni ishlab chiqish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari o‘rtasida gender tenglikni ta’minlash, ular o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalari alohida qayd etib o‘tildi. Muloqot jarayonida bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish, gender tengligi va ayollar yetakchiligi bo‘yicha Mintaqaviy harakatlar rejasi ishlab chiqildi.
N.Usmonova, O‘zA