O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligiga Buyuk Britaniya parlamentining yuqori palatasi (Lordlar palatasi) a’zosi Baronessa Yelison Satti hamda Global hamkorlik boshqaruvi dasturi rahbari Zafran Iqbal tashrif buyurdi.

Uchrashuvda yoshlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qilishga e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, direktor o‘rinbosarlari Farrux Omonov va Dilnozaxon Kattaxonova ishtirok etdi.

Muloqot avvalida Baronessa Satti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari borasida to‘xtalib, ushbu siyosiy tadbir yuqori darajada tashkil etilganligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya tajribasidan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis qoshida tashkil etilgan Yoshlar parlamentlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, Inson huquqlari bo‘yicha Parlament komissiyasi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash, Global hamkolik boshqaruvi loyihasi doirasida bir nechta loyihalarni amalga oshirish masalalari juda muhim ekanligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida Yoshlar ishlari agenligi direktori Alisher Sa’dullayev O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Muloqot davomida ikki tomon yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasbiy ta’limni rivojlantirish, yoshlar bandligini ta’minlash, turli sohalarda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlar muammolarini aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlar va tadqiqotlar, xotin-qizlarning ta’lim olishi hamda kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lishi kabi masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi.

Baronessa Satti o‘z nutqi yakunida Yoshlar ishlari agentligi vakillarini Buyuk Britaniyaga taklif etib, ularning tajribalari hamda yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish taklifini ilgari surdi. O‘z navbatida, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan kelajakda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan takliflar bildirildi.

 

Muhtarama KOMILOVA, O‘zA