Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi oldidan qo‘mitalar yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi va “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunlar hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatilishi va boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot dastlabki tarzda muhokama etildi.
Ta’kidlangandek, joriy yil o‘tgan davrida qabul qilingan farmon va qarorlar, tasdiqlangan dasturlardagi vazifalar ijrosi o‘z navbatida qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini talab etmoqda. Shu maqsadda 2021 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari bo‘yicha o‘zgartish kiritilmoqda.
Xususan, investitsiya dasturlari uchun 6 trillion so‘m, ayrim muassasalarga kiritilgan qo‘shimcha shtat birliklarini moliyalashtirish uchun 1,4 trillion so‘m va mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlariga 1,4 trillion so‘m ajratilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, joriy yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun rejalashtirilgan 3 trillion so‘m mablag‘lar to‘liq ishlatilganligi tufayli qo‘shimcha mablag‘ zaxirasini yaratish uchun 1,3 trillion so‘m ajratiladi.
Qonunda davlat-xususiy sherikligi asosida maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar ajratish hamda bolalar qamrovi ortganligi sababli 1,1 trillion so‘m qo‘shimcha subsidiya ajratish, shuningdek, “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 1,3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, qonun bilan ushbu qo‘shimcha xarajatlarni qoplash manbalari ham belgilab berilmoqda.
Majlisda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatilishi va boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA