Nukusda Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Nukus dexqon bozori” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda “Yosh dehqon mahsulotlari” agro yarmarkasi tashkil etildi.

Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida kelajak avlodni tarbiyalash, yetuk kadrlarni tayyorlash, yoshlarning sohada bandligini ta’minlash va shu orqali ularning sohada ulushini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada mamlakatimizda “Uchinchi Renessans” poydevorini barpo etish yo‘lida yoshlarimiz o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu sababli so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan, huquqiy va ma’naviy-psixologik qo‘llab-quvvatlashga zarurati bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi.

Bu yo‘nalishda har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borish, bilim va kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji bo‘lgan yoshlarga moddiy yordam berish maqsadida “Yoshlar daftari” hayotga tadbiq etildi. Unga kiritilgan yoshlarni daromad manbai bilan ta’minlash uchun “Har bir yoshga – bir gektar” tamoyili asosida yer maydonlarini ijaraga ajratib berish orqali bandligini ta’minlashga erishildi.

Agro yarmarkada “Yoshlar daftari”ga kiritilib, “Har bir yoshga – bir gektar” tamoyili asosida yer maydoni ajratilgan 80 nafar yosh dehqon o‘zlari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

– “Har bir yoshga – bir gektar” tamoyili asosida bizga 20 sotix yer maydoni ajratib berildi, – deydi Ellikqal’a tumani “Paxtachi” mahalla fuqarolar yig‘inidan D.Rӯzimov. – Dastlabki mahsulotimizni bugungi yarmarkaga olib chiqib sotayapmiz. Ekin maydonidan bu yil 4 tonna sabzi yetishtirishni rejalashtirayapmiz.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA