Taekvondo bo‘yicha “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Rashitov Qoraqalpog‘iston Respublikasida bӯldi.
Nukus xalqaro aeroportida Olimpiya o‘yinlari g‘olibini sportchilar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tantanali ravishda kutib oldi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, keng jamoatchilik orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish bo‘yicha keng kӯlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu vazifalarni bajarishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishda PepsiCo kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy bottleri – International Beverages Tashkent ham o‘z hissasini qo‘shishga, mamlakatda turli sport yo‘nalishlari, professional futbol, xokkey, boks, og‘ir atletika va boshqa sport tadbirlarini tashkillashtirish va o‘tkazishda faol ishtirok etmoqda.
MOQ va International Beverages Tashkent kompaniyasi o‘rtasidagi shu yilning may oyida imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida respublikada ommaviy sportni faol qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni sport maydoniga jalb qilish bo‘yicha ishlar tashkil etildi. Bu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekistonning eng yorqin va iqtidorli sportchilari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlarida taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston uchun birinchi oltin medalni qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Rashitov bilan mamlakatimiz bӯylab uchrashuv tashkillashtirilmoqda.
2017 yilda sportchi birinchi bo‘lib Atirau shahri (Qozog‘iston)da o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining sovrindori bo‘ldi va ikkinchi o‘rinni egalladi. 2018 yilda o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida kumush medal sohibi bo‘ldi. Shuningdek, o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 3-o‘rinni egalladi. 2019 yilda esa o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni va 2019 yilning eng yaxshi sportchisi bo‘ldi. Yosh Ulug‘bek murabbiy Pavel Xan qo‘lida tahsil oldi va ustozi uni Olimpiya chempioniga aylantirdi.
– Taekvondodan voz kechib, futbolga borishni istagan paytlarim bo‘lgan, chunki, boshlang‘ich pallada sezilarli yutuqlarga erisholmaganman, –deydi Ulug‘bek Rashitov. –Lekin murabbiy meni har bir mag‘lubiyatim saboq ekanini aytib, qo‘yib yubormadi, qo‘llab-quvvatladi, rag‘batlantirdi. Shuning uchun men shu yo‘nalishda qolishga qaror qildim va bundan afsuslanmadim.
Olimpiya o‘yinlari chempioni Nukus shahridagi 1-bolalar va ӯsmirlar sport maktabiga tashrif buyurib, tarbiyalanuvchilar bilan muloqot qildi. Ularni qiziqtirgan savollariga javob berdi. Yosh sportchilar uchun mahorat darslari tashkil etildi va ularga sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA