O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti bo‘lib o‘tmoqda.

Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning ishonchli vakili Sherzod Mustafaqulov joylarda nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Beshariq tumanida partiyaning elektorati, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, keng jamoatchilik va OAV vakillari, aholi va saylovda birinchi bor qatnashayotgan yoshlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Muhammadali Mahmudov kirish so‘zi bilan ochib, beshta partiyaning jamiyat hayotidagi muhim o‘rni xususida to‘xtaldi.

Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili, Qo‘qon universiteti rektori Sherzod Mustafaqulov saylovchilarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. Saylovoldi dasturida ilgari surilgan asosiy yettita yo‘nalish hamda ularda nazarda tutilgan istiqbolli vazifalar haqida ma’lumotlar berdi.

Uchrashuvda global va mintaqaviy ekologik muammolarning kundan-kunga chuqurlashib borayotgani, aynan «Biz kelajak uchun javobgarmiz» shiori ostidagi saylovoldi dasturining bosh maqsadi mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil taraqqiyot tamoyillarini keng joriy etish orqali xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iborat ekanligi aytib o‘tildi.

Ishonchli vakil O‘zbekiston Ekologik partiyasining «Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!», «Ona tabiatni asrab-avaylash muqaddas burchimizdir!» kabi shiorlar ostida ekologik barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan «yashil» siyosatni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qator g‘oyalari bilan saylovchilarni tanishtirdi.

Uchrashuvda Qo‘qon universiteti dotsenti, tajribali psixolog Nigora Shomurodova sog‘lom turmush tarzini barqarorlashtirishda ekomadaniyatning o‘rni, insoniyatning tabiat bilan bog‘liqligi xususida ibratli fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Tadbirda barcha saylovda faol ishtirok etib, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovga ovoz berishga da’vat etildi.

 

M. Sulaymonov, O‘zA