Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatidagi ishonchli vakili Abdulhakim Eshmuratov Boysun tumanidagi Dashtig‘oz va Gaza mahallalarida saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvlarda ishonchli vakil ishtirokchilarni OʼzLiDePdan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning tarjimai holi hamda saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishtirdi.

Ta’kidlandiki, OʼzLiDePdan ko‘rsatilgan Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturida inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat – ya’ni, Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘vor g‘oya o‘z ifodasini topgan. Ustuvor yo‘nalishlardan iborat saylovoldi dasturida kelgusi 5 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirib, ko‘p millatli xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirish, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, sanoat, qurilish, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa sohalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilangan.

Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda saylovoldi dasturining har bir yo‘nalishi yuzasidan yetarli ma’lumot berilib, keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosat tufayli 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi izchil ta’minlanayotgani qayd etildi.

Muzokaralarda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar so‘nggi besh yilda tog‘li Boysun tumani qiyofasini tubdan o‘zgartirgani va aholi turmush darajasini oshirganini alohida e’tirof etdi. Ayniqsa, aholini toza ichimli suvi bilan ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlab, sanoatni rivojlantirish, zamonaviy loyihalar asosida namunaviy uy-joylar barpo etish, xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat kabi sohalarda yuz bergan yangilanishlar haqida atroflicha fikr yuritdi. Inson qadr-qimmati ulug‘lanib, adolat va qonun ustuvorligi ta’minlanayotgan yurtimizda olib borilayotgan bunday xalqchil siyosat boysunliklar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani bildirildi.

Saylovchilar bilan yuzma-yuz ochiq muloqotlarda joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida barchani faol qatnashishga, OʼzLiDeP nomzodini qo‘llab-quvvatlab, ovoz berishga chaqirildi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA