Vatanimiz mustaqilligining shonli 30 yillik bayrami arafasida “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan “Yangi O‘zbekiston” kitob-albomi nashrdan chiqarildi. Ushbu muazzam majmuada istiqlol yillarida, ayniqsa, keyingi besh yilda yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish, xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasini amalga oshirish yo‘lida olib borilayotgan ulkan ishlar haqida atroflicha hikoya qilinadi.

Kitob-albom mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xalqimizning beqiyos jasorati va matonati bilan qo‘lga kiritilgan, bizning milliy davlatchiligimizni, insoniy qadr-qimmatimiz, g‘urur va sha’nimizni, dinu diyonatimizni tiklab bergan O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi oradan qancha yillar, asrlar o‘tsa-da, jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa bo‘lib qoladi” degan samimiy so‘zlari bilan boshlanadi.

Darhaqiqat, mard va olijanob xalqimiz o‘zining ulkan salohiyati, mustahkam irodasi va matonati bilan mustaqillik yillarida bosib o‘tgan o‘ta murakkab va ayni paytda sharafli taraqqiyot yo‘li, qo‘lga kiritgan mislsiz yutuq va marralari kitob-albomning asosiy ma’no-mazmunini tashkil etadi. Uni varaqlar ekanmiz, yaqin tariximizda, mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida kechgan shiddatli voqealar, el-yurtimiz mardona yengib o‘tayotgan turli sinov va mashaqqatlar, erishilgan yutuq va natijalar beixtiyor bir-bir ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi.

Aynan mustaqillik tufayli yurtimiz tarixan qisqa davrda ilgarigi iqtisodiyoti bir tomonlama shakllangan, qoloq o‘lkadan barcha sohalarda jadal rivojlanib, fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ongu tafakkuri tobora yuksalayotgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylangani aniq tarixiy misollar, arxiv hujjatlari hamda tahliliy materiallar orqali ko‘rsatib berilgan.

Kitob-albomda “Milliy taraqqiyotimizning yangi davri” degan alohida bo‘limda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotini tubdan yangilash, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan g‘oyani real voqelikka aylantirish, yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoni, ularning dastlabki natijalari, shahar va qishloqlarimizning bugungi go‘zal qiyofasi, davrimiz qahramonlari, shu zaminda yashab kelayotgan yurtdoshlarimiz hayotidagi katta ijobiy o‘zgarishlar, yangicha qadriyatlar turli rakurs va bo‘yoqlarda batafsil aks ettirilgan.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida hayotimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini, xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratish, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, ma’naviyat, adabiyot, san’at, sport, tashqi siyosat sohalaridagi tub o‘zgarishlar, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik muhiti mustahkamlanib borayotgani, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyati yorqin lavhalar, jonli tasvirlar, ekspert va tahlilchilarning xolis xulosalari asosida qiziqarli tarzda yoritib berilgan.

Tomchida quyosh aks etganidek, ushbu kitob-albomdan o‘rin olgan har bir dalil va ma’lumot, surat va lavha bunyodkor xalqimizning kuch-g‘ayrati va salohiyati bilan erishilgan, barchamiz uchun g‘oyat qadrli bo‘lgan yuksak marralar xususida, dunyoda yagona, aziz va mo‘’tabar ona diyorimiz – Yangi O‘zbekistonimiz haqida hikoya qiladi.

Hech shubhasiz, har bir sahifasida Vatanimizning nurli bir manzarasi aks etgan ushbu nashr o‘quvchilarda yorqin taassurotlar uyg‘otib, ularga bugungi taraqqiyotimiz haqida yanada keng ma’lumotlar beradi, qalblarimizda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

O‘zA