Keyingi yillarda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan velosport musobaqalarining saviyasi va geografiyasi kengayishi natijasida iqtidorli sportchilarni aniqlash bo‘yicha samarali tizim vujudga keltirilmoqda.

18 avgust kuni Nukus shahrida 2007-2008 yillarda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi o‘smirlar o‘rtasida veloshosse bo‘yicha start olgan O‘zbekiston chempionati mazkur ishlarning keng qamrovli olib borilayotganligini ko‘rsatdi.

Sportchilar va ularning ota-onalari uchun katta hayajon va quvonch bilan boshlangan O‘zbekiston chempionatida mamlakatimizning 80 nafardan ziyod  velosportga mehr qo‘ygan yoshlari o‘z yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun poygaga kirishdi.

Mazkur chempionatning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, bundan 40 yil muqaddam Qoraqalpog‘istonda velosport musobaqalari muntazam o‘tkazilar edi. O‘tgan davrda o‘z “manzili”ni unutgan velosport bahslari yana qadrdon manzillariga qaytdi, deyish mumkni.

Chempionatda dastlab 5 km masofaga yakkalik yo‘nalishidagi poygalar o‘tkazildi. Ushbu masofadagi bellashuvlarda qoraqalpog‘istonlik Beksultan Kurbaniyazov eng yaxshi natijani qayd etdi. U belgilangan masofani 07:24,1 daqiqa ichida bosib o‘tib, O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Keyingi pog‘onalarni Milliy gvardiya qoshidagi “Dinamo” jamoasi vakillari Nursulton Tursunov hamda Nikita Yeremovlar egallashdi.

Bugun va erta o‘tadigan poygalarda esa ishtirokchilar 30, 35 va 40 km masofali musobaqalarda qatnashadi. Aytish lozimki, mazkur chempionat sportchilar uchun 2025 yili Toshkentda o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bosqichini ham o‘taydi. Boisi, chempionat doirasida 2005 yilda tug‘ilgan sportchi qizlar ochiq birinchilik bahslarida ishtirok etmoqda.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA