O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi xalqaro konferensiyada Qirg‘iziston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Aqilbek Japarovni qabul qildi.

Ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Aqilbek Japarov O‘zbekiston yetakchisiga Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Joriy yil mart oyida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston sammitida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini tez fursatda amalga oshirish, qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini tashkil etish muhim ekani ta’kidlandi.