Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uzumchilik sohasidagi mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi davom etmoqda.

bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtiriladigan uzumlarning 90 foizi danakli. So‘nggi yillarda Yevropa va Osiyo bozorlarida danaksiz uzum naviga bo‘lgan talab ortib bormoqda.

– Bir narsani aniq tushunib olishimiz kerak, sohaga ilmiy yondashilmasa, viloyat va tuman hokimlari butun jamoasi bilan masalaning ichiga kirib, tumanlarni ixtisoslashtirish, yer ajratish, ko‘chat tayyorlash, mahsulotni eksport qilishni shaxsan nazoratga olmasa, katta o‘zgarishlar qilish qiyin bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Avvalo, ixtisoslashgan tog‘oldi tumanlarida yirik uzumchilik plantatsiyalarini tashkil etish zarur.

Misol uchun, o‘tgan yili Oltiariq tumanida g‘alla maydonlari qisqartirilib, 2 ming gektar yerda yirik uzumzorlar barpo etildi. Ushbu yerlar uzum yetishtirish tajribasiga ega bo‘lgan aholiga 1 gektardan 3 gektargacha tanlov asosida bo‘lib berildi.

Buning hisobiga tumanda 5 ming nafar aholining doimiy bandligi ta’minlandi. Eng asosiysi, qo‘shimcha 60 ming tonna uzum yetishtirilib, uning eksporti keyingi yilda qariyb 100 million dollarga, to‘liq hosilga kirgandan keyin esa yiliga 200 million dollarga yetishi kutilmoqda. Misol uchun, 2016 yilda tumanda uzum eksporti atigi 5 million dollar bo‘lgan.

Shuningdek, Forish, G‘allaorol, Yangiobod, Chiroqchi, Payariq, Qo‘shrabot tumanlarida ham alohida yondashuv bilan 3-4 ming gektardan yangi tokzorlar tashkil etilgani boshqa tumanlar uchun o‘rnak bo‘lishi kerakligi aytildi.

Yig‘ilishda Oltiariq va Forish tajribasi asosida Ellikqal’a, Asaka, Jalaquduq, Buloqboshi, G‘ijduvon, Shofirkon, Qorako‘l, Peshku, Forish, Yangiobod, Zomin, G‘allaorol, Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog‘, Qamashi, Xatirchi, Nurota, Qiziltepa, Pop, Chortoq, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Ishtixon, Urgut, Toyloq, Payariq, Uzun, Sariosiyo, Oltinsoy, Sirdaryo, Xovos, Mirzaobod, Parkent, Qibray, Toshkent, Oltiariq, Qo‘shtepa, Farg‘ona va Bog‘ot tumanlarida yil yakunigacha kamida ming gektardan tokzorlar tashkil etish vazifasi topshirildi.

Buning uchun uzum yetishtirish tajribasiga ega bo‘lgan tadbirkorlar tanlab olinadi. Loyihalar g‘alla va paxtadan qisqaradigan, yangi o‘zlashtiriladigan hamda eski bog‘ va tokzorlar o‘rnida amalga oshiriladi.

– Ushbu plantatsiyalarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yo‘lga qo‘ymasak, yangi tajriba ishlamaydi. Shu bois, Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy bo‘linmalaridan ikki nafardan xodim ajratilib, har bir viloyatda uzumchilikni rivojlantirish, ko‘chat bilan ta’minlash va o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha alohida Loyiha ofislari tashkil etiladi, – dedi davlatimiz rahbari.

 

O‘zA