Tokio yozgi Olimpiya o‘yinlarining ayrim musobaqalari tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi yoki tomoshabinlar soni chegaralangan holda o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda bugun “Nikkan Sports” nashri xabar berdi.

Xususan, basketbol o‘yinlari muxlislarsiz o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Gubernatorning Tokio-2020 tashkiliy qo‘mitasiga murojaatiga ko‘ra, o‘yinlar kechqurun o‘tkazilishi kutilmoqda. Bunday uchrashuvlarda tomoshabinlarning ishtirok etishi Yaponiya hukumatining kunning kech soatlarida ko‘chada jamoat harakatini cheklashga qaratilgan siyosatiga zid bo‘ladi.

Ayrim sport maydonlariga kiruvchi tomoshabinlar soni ikki barobariga qisqartirilib, stadionlarga 10 ming emas, endilikda 5 ming nafar tomoshabin kiritiladi.

Bundan avval, Kyodo agentligi Olimpiya o‘yinlari tashkilotchilari kelgusi hafta besh tomonlama onlayn uchrashuv o‘tkazishini, uning asosiy mavzusi stadionlarda tomoshabinlarning ruxsat etilgan soni bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish haqida xabar bergan edi. Tokio-2020 tashkiliy qo‘mitasi rahbari Seiko Xashimoto juma kuni Olimpiya o‘yinlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida tashkilotchilar o‘yinlarni tomoshabinlarsiz o‘tkazish variantiga tayyorligini ma’lum qildi. Bu fikrni Tokio gubernatori Yuriko Koike ham ma’qulladi.

Ma’lumot uchun, Tokioda 20 iyunga qadar COVID tufayli favqulodda rejim yo‘lga qo‘yilgan. So‘ngra poytaxtda 11 iyulga qadar virus tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan chora-tadbirlar rejimi joriy etildi. Bunday tadbirlar favqulodda vaziyat rejimidan biroz yengilroq bo‘lsa-da, restoran, bar va ko‘ngilochar muassasalarning ish vaqti hamda spirtli ichimliklar savdosi cheklanadi. Tokio rasmiylari Yozgi Olimpiya o‘yinlari vaqtidagi cheklovlarni uzaytirish imkoniyati to‘g‘risida hali hech qanday bayonot bermagan. Avvalroq, tashkilotchilar favqulodda rejim joriy etilsa mahalliy tomoshabinlarning musobaqada ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida bayonot bergandi.

Tokio Olimpiadasi 2020 yil 24 iyuldan 9 avgustgacha bo‘lib o‘tishi kerak edi. Pandemiya tufayli musobaqalar bir yilga qoldirildi. Endi musobaqalar 23 iyul – 8 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.