Nukusda ilk marotaba sohil kurashi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada shahar va tumanlardan jami 200 nafardan ziyod polvon ishtirok etdi.
Ikki kun davom etgan musobaqada g‘oliblar aniqlandi. O‘z vazn toifalarida erkaklar o‘rtasida Qorao‘zak tumanidan Altinboy Tileo‘niyazov, Qo‘ng‘irot tumanidan Qurolbek Ayapov, Nukus shahridan Azizbek Genjeboyev, Chimboy tumanidan Siypatdin Nuratdinov, Nukus tumanidan Zahiriddin Zaytov, qizlar o‘rtasida Xo‘jayli tumanidan Zuhra Isakova, Umida Jumaniyazova, Nafisa Reyimboyeva, Nukus shahridan Gulqumor Jannazarova, Mo‘ynoq tumanidan Sabrina Uzoqboyeva va boshqalar birinchi o‘rinni egallab, Qoraqalpog‘iston chempionlari bo‘ldi.
–Sohil kurashi bo‘yicha chempionat ilk marotaba o‘tkazilishiga qaramasdan barchada yaxshi taassurot qoldirdi, – deydi 52 kilogramm vazn toifasida g‘olib Umida Jumaniyazova. – Toshkent shahrida sambo bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsam, belbog‘li kurash va dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Endi sohil kurashi bo‘yicha mamlakatimiz chempioni bo‘lishni maqsad qilganman.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
G‘oliblar 22-27 iyun kunlari Namangan viloyatida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston chempionatiga yo‘llanma oldi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat) ,O‘zA