Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida 1 oktyabrdan boshlab majburiy to‘lovlarni billing tizimida amalga oshirishning yagona elektron platformasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Bunda mulkdorlar, xonadon maydoni, tarif miqdori, qarzdorlik, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot xarajatlari va daromadlari smetasi haqidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.

Yana bir masala – bugungi kunda 19 mingta ko‘p qavatli uy-joylarning kadastr hujjatlari mavjud emas. Yangi qurilgan 3 mingta ko‘p kvartirali uy-joyga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmagan.

Jumladan, Toshkent viloyatida – 623 ta, Buxoroda – 621 ta, Xorazmda – 249 ta, Surxondaryoda – 195 ta va Namanganda – 170 ta ko‘p qavatli uylarga boshqaruvchilar biriktirilmagan.

Shu bois Sh.Hidoyatov va B.Zokirovga bir oy muddatda quruvchi tashkilot yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni boshqaruv kompaniyasi tashkil qilgan holda, ikki yil davomida saqlashni o‘z zimmasiga olishini nazarda tutuvchi tizim yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shuningdek, mutasaddilarga yil yakunigacha xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha har bir boshqaruv kompaniyasining o‘zida o‘quv markazlari tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

 

O‘zA