Aziz farzandlarim! Qadrli maktab bitiruvchilari!

 

Avvalo, barchangizni beg‘ubor o‘quvchilik yillaringizni ortda qoldirib, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashib, hayotingizning yangi, yanada mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda mamlakatimizdagi barcha maktablarda “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar yangrab, qariyb 438 ming nafar o‘quvchi yoshlarimiz yetuklik shahodatnomalarini qo‘llariga olmoqda.

Bu nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham g‘oyat quvonchli va hayajonli voqeadir. Chunki, qalbi pok orzu-umidlar bilan to‘lgan sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimiz timsolida biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya sohasidagi sa’y-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini ko‘ramiz.

Sizlar keyingi ikki yil davomida pandemiya sharoitida o‘qib va yashab, qiyinchiliklarga qarshi kurashish ko‘nikmalarini ham egallashingizga to‘g‘ri keldi. Albatta, bu murakkab sinovli kunlar hademay o‘tmishga aylanadi.

Ishonchim komil, yangi O‘zbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida ta’lim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanasiz.

Qadrli o‘g‘il-qizlarim!

Ma’lumki, biz o‘z oldimizga ulkan maqsadlarni qo‘yib, ularga erishishning eng muhim omili sifatida ta’lim-tarbiya sohasiga juda katta ahamiyat bermoqdamiz.

Qisqa muddatda maktabgacha ta’lim, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi.

Bu haqda gapirganda, oxirgi to‘rt yilda 134 ta yangi maktab qurilib, 2 ming 965 ta maktab rekonstruksiya qilinib, tubdan ta’mirlangani va jihozlanganini qayd etish lozim.

Yurtimizda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda.

Hozirgi vaqtda respublikamizda 10 mingdan ziyod davlat umumta’lim, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 56 ta matematika, 28 ta kimyo-biologiya, 14 ta axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.

Shu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, keyingi paytda fizika va chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar ochishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Shu yil sentyabr oyida 14 ta fizika va 207 ta chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktab o‘z faoliyatini boshlashini alohida ta’kidlash lozim.

Eng muhimi, ana shu maktablarda ta’lim-tarbiya olayotgan o‘g‘il-qizlarimiz xalqaro fan olimpiadalari, ijodiy festival va tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallamoqda, mamlakatimiz va xorijdagi nufuzli oliygohlarga kirib o‘qish huquqini qo‘lga kiritmoqda.

Oxirgi bir yarim yilda iqtidorli o‘quvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 18 ta kumush, 30 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

 

Yurtimizda olijanob kasb egalari bo‘lgan o‘qituvchilar, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obro‘-e’tiborini oshirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning ustozlarini moddiy taqdirlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani ham ana shunday ishlarimiz qatoriga kiradi.

Dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar tajribasi asosida maktab ta’limi uchun o‘quv dasturi va darsliklarining yangi avlodini yaratish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.

bugungi kunda butun yurtimizni qamrab olgan besh muhim tashabbus doirasida ham siz, aziz yoshlarimizning yetuk insonlar bo‘lib kamol topishingiz uchun ko‘p ishlar qilinmoqda.

Xususan, farzandlarimizni san’at dunyosiga oshno etish maqsadida 800 dan ortiq madaniyat markazida 4,5 mingdan ziyod to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, ular musiqa asboblari va zarur jihozlar bilan ta’minlangani, maktablarda tashkil etilgan 36,5 mingdan ziyod to‘garaklarga 1 million 100 ming nafar o‘g‘il-qizlarimiz jalb etilgani bu boradagi muhim qadamlardir.

Shuningdek, respublikamiz maktablarida 49 mingdan ortiq, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida esa 26 mingga yaqin to‘garaklarda minglab o‘g‘il-qizlarimiz jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

Barcha maktablarimiz keng polosali Internet tarmog‘iga bosqichma-bosqich ulanayotgani hamda mamlakatimizda jami 133 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochilgani farzandlarimizda zamon talabi bo‘lgan kompyuter va “Ay-Ti” texnologiyalar sohasida bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Yana bir muhim masala – yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Shu asosda 201 ta axborot-kutubxona markazidagi kitoblar soni qariyb 25 millionga yetkazilgani, o‘tgan yili maktab kutubxonalari 150 mingdan ziyod yangi adabiyotlar bilan ta’minlangani yoshlarimizning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Aminmanki, shu kunlarda joylarda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilayotgan yoshlar forumlari va besh muhim tashabbusga bag‘ishlangan festivallar ham maktablardagi bitiruv tadbirlariga uyg‘un bo‘lib, o‘g‘il-qizlarimiz hayotida o‘chmas iz qoldiradi.

 

Hurmatli yosh do‘stlarim!

Mana shu unutilmas damlarda sizlar yangi hayot ostonasida turib, kelajak rejalarini tuzar ekansiz, oldingizda katta imkoniyatlar va mas’uliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Qalbingizdagi ezgu orzu-intilishlarni ro‘yobga chiqarishda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 137 ta oliy o‘quv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum sizlarga muntazirdir.

Sizlar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy ma’lumot olish imkoniyati ham yaratilgan. Shu maqsadda 71 ta oliy ta’lim muassasasida sirtqi, 18 ta oliygohda kechki bo‘limlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlaridagi ehtiyojdan kelib chiqib, so‘nggi 5 yilda bakalavriat bosqichida 134 ta ta’lim yo‘nalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil etildi.

Oliy ta’lim muassasalarida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklida ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirgi kunda yoshlarimiz uchun bir vaqtning o‘zida 5 tagacha oliy ta’lim muassasasida tanlovlarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

Bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 9 foizdan 2020 yilda 25 foizga yetdi. Mazkur ko‘rsatkichni joriy yilda 28 foizga, 2030 yilda 50 foizga yetkazish – asosiy vazifamizdir.

Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida dunyoning eng ilg‘or oliygohlari bilan hamkorlikda xalqaro talablar asosida tashkil etilayotgan Yangi O‘zbekiston universiteti ham siz, aziz yoshlarimizni joriy yildan o‘z bag‘riga chorlaydi.

Aziz bitiruvchilar, qadrli farzandlarim!

Shu kunlarda sizlarning baxtingiz, kamolingizni o‘ylab, yurtimizda yana bir tizim joriy etilmoqda. Ya’ni, joylarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, sektor rahbarlari ota-onalar va o‘quvchilar bilan uchrashib, barcha bitiruvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish tashabbusi bilan chiqmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birontasi e’tibordan chetda qolmaydi. Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak e’tiborini his qilib yashaydi.

Shu munosabat bilan sizlarga, butun mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman: hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar.

Sizlarning hayotda o‘z munosib o‘rningizni topishingiz uchun davlatimiz va jamiyatimiz bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarini to‘la safarbar etadi.

Xalqimizning ana shunday yuksak ishonchiga doimo munosib bo‘ling!

Sizlarning o‘z oldingizga yuqori maqsadlar qo‘yib, vaqtingizni behuda o‘tkazmay, doimo bilim va ko‘nikmalaringizni oshirib borishingiz, yangi kasb-hunarlarni egallashingiz va eng asosiysi o‘z maqsadingiz sari tinmay harakat qilishingiz albatta kelgusidagi muvaffaqiyatlaringiz garovidir.

O‘rganish, izlanish va intilishdan aslo to‘xtamang!

Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, ishda va o‘qishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman.

Mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk dadil qadamingiz qutlug‘ va muborak bo‘lsin!

Sizlarning yutuq va g‘alabalaringizga ishonaman, aziz bolalarim!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti