Texnika va texnologiyalar qanchalik shiddatli rivojlanmasin, davr uchqur otdek chopmasin, inson baribir ona-tabiatning uzviy bo‘lagi bo‘lib qolaveradi. Shu ma’noda davlatimiz rahbari Prezidentlik lavozimiga kirishgan vaqtdan boshlab Orolbo‘yidagi og‘riqli muammolar, ularning yechimiga mamlakat miqyosida ham, xalqaro miqyosda ham katta va jiddiy e’tibor bilan yondashmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, Orol dengizi hududidagi ulkan  Orolqum sahrosining paydo bo‘lishi, har yili tonna-tonna qum va tuzning atrof-muhitga tarqalishiga qaramasdan aholining barcha qiyinchiliklarni matonat bilan yengib, fojiani omadga, tumanni «Sahro marvaridi»ga aylantirish uchun fidokorona mehnat qilayotgani va vatanparvarligi alohida e’tirofga sazovor.

O‘tgan davrda davlatimiz rahbarining tashabbusi va g‘oyasi asosida  Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga qulay yashash sharoiti yaratish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018 yilda zalvorli miqdordagi investitsiya loyihalari amalga oshirilishi hisobiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish,   qurilish ishlarining o‘sishiga erishildi.

Ayni paytda Orolbo‘yi hududida mavjud muammolarni hal etish borasida ko‘plab loyihalar hayotga faol tatbiq etilmoqda. Biroq bir vaqtlar odamlarga rizq-ro‘z bergan, yedirib-ichirgan, kiyintirgan, hayotiga baraka bag‘ishlagan Orol endilikda shunday global muammolar girdobiga tushdiki, ularni birgina O‘zbekiston yoki shu hududga tutash davlatlar sa’y-harakati bilan hal etishning iloj-imkoni yo‘qligini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan  nutqi jahon jamoatchiligi e’tiborini o‘ziga jalb etdi. Bu esa davlatimiz rahbari nutqida ko‘tarilgan muammolarning nechog‘li dolzarb, hayotiy va umumbashariy ahamiyat kasb etgani bilan chambarchas bog‘liqdir. Jumladan, davlatimiz rahbari nutqida Orol va mazkur hudud muammosiga   ustuvor ahamiyat qaratgani xalqaro miqyosda alohida e’tirof etildi.

Mamlakat rahbari qayd etganidek,   Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi o‘simlik maydoni va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Umid qilamizki, ushbu fond og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qiladi.

Yurtboshimizning “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi”, degan fikrlari ko‘pchilikka umid, ishonch bag‘ishlagan edi o‘shanda.

Kuni kecha davlatimiz rahbarining  Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi  BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Bu esa O‘zbekiston rahbariyatining ezgu tashabbusi nechog‘li hayotiy va dolzarb ekanini yana bir karra namoyon etmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or g‘oyalar Orolbo‘yi va unga tutash hududlardagi iqtisodiy, ijtimoiy, agrar va boshqa qator muammolarga hamjihatlikda yechim topishi tayin.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA