Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasi 18 may kuni bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining navbatdagi yalpi majlisida tashkilotga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi mavqeining yanada oshishiga va siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishida ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berilishi bilan birga, ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar qo‘llangan holda yuzaga kelgan ekologik vaziyatlarning yumshatilishiga, bu o‘z navbatida Orolbo‘yi hududida yashovchi aholi salomatligining mustahkamlanishiga katta zamin bo‘ladi.
Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin mamlakatlar hammualliflik qilgan ushbu hujjat Orolbo‘yi hududidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarning qo‘llab-kuvvatlanishini ta’minlaydi.
Orolbo‘yi mintaqasi tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni saqlash va aholi hayot sifatini oshirish yo‘lidagi ilmiy-tadqiqot maslahatlashuv faoliyatini rag‘batlantiradi.
Qolaversa, mazkur hujjat ushbu Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish muhimligini yana bir bor ta’kidlaydi.
Barcha manfaatdor tomonlarni qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga, inklyuziv va ekologik barqaror iqtisodiy o‘sishga hamda energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llashga turtki berishga chaqiradi.
BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasining qabul qilinishi yuqori texnologik innovatsiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga investitsiyalarni jalb qilish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini majmuaviy qo‘llash, cho‘llashuv va ekologik migratsiya jarayonlarning oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni va rag‘batlantiruvchi omillarni shakllantirish yo‘lidagi harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, hujjat mintaqaviy ustuvorlik, integratsiya va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha BMT tizimidagi ixtisoslashgan agentliklar, jamg‘armalar va dasturlarning Amaliy harakatlarini hamda loyihalarini umumlashtirish va ular o‘rtasidagi muvofiqlashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan global ekologik muammolarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha ilgari surilgan xar bir tashabbus o‘z o‘rni va aynan o‘z vaqtida olib chiqilishi bilan katta ahamiyatga ega.
2018 yilning noyabr oyida BMT homiyligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondi tashkil etildi.
Prezidentimizning 2018 yil 16 oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil qilindi. Markaz huzurida “Orolbo‘yi hududida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi tuzildi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashriflari davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq hududda ekologik muhitni yaxshilash hamda Orolbo‘yi mintaqasining barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha mahalliy ijro hokimligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak hamda Kegeyli tumanlari hokimliklariga qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, aholi va ishlab chiqarish korxonalari uchun qulay zamonaviy infratuzilma yaratish, shuningdek, Orolbo‘yi aholisining yashash darajasi va turmush sifatini yaxshilash bo‘yicha bir qator tavsiyalar berilib, aniq vazifalar topshirildi.
Prezidentimizning 2020 yil 12 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga ko‘ra, “My garden in the Aral Sea” (“Oroldagi bog‘im”) agro va ekoturizm loyihasi amalga oshirilishi belgilandi. Endilikda Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi aholining farovonligi va daromadlarini oshirish uchun Orol dengizi qurigan tubining sho‘rlangan tuproqlarida va Orol havzasi daryolari deltasiga yaqin hududlarda agroekotizimlarning mahsuldorligini oshirish, sho‘rlangan tuproqlarda va tanazzulga uchragan yaylovlarda sho‘r tuproqqa va sovuqqa chidamli turli xil ekinlar va butalarni ko‘paytirish yo‘li bilan eksperimental tajriba uchastkalarini yaratish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda suv samaradorligini tiklash va oshirishga qaratilgan innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni ishlab chiqish joriy etiladi.
Shuningdek, Orol dengizi qurigan tubining cho‘l qumli yo‘llarida o‘rmonzorlarni barpo etish, agroxo‘jalik va cho‘l-yaylov yem-xashak va chorvachilikni tashkil etish, unumdorligini oshirish, sho‘rlangan tanazzulga uchragan yerlarni, diversifikatsiya qilish hamda yangi va noan’anaviy tuzga va qurg‘oqchilikka chidamli yangi usullarni joriy etish, ularni tanlash, urug‘ini yetishtirish texnologiyalari joriy etiladi va sho‘rlangan yerlarda qishloq xo‘jaligining muqobil tizimlari joriy etiladi. Orol havzasining dorivor, texnik, dekorativ va boshqa o‘simliklaridan barqaror foydalanish uchun tabiiy yaylovlarning o‘simlik xom ashyosini safarbar etish va boshqa bir qator innovatsion ishlar amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan global ekologik muammolarning oldini olish va bartaraf etishda ilgari surilgan tashabbuslari xalqaro darajada e’tirof etilishi va bir ovozdan ma’qullanishi shubhasiz, har birimizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.
Ruslan Jumamuratov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi