Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida «Taxiatosh IES» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli tibbiy diagnostika markazi hamda tikuvchilik sexi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasiga ikkinchi bug‘-gaz qurilmasining joriy etilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini, shuningdek, mamlakatning eng yirik sanoat korxonalaridan biri – Navoiy kon-metallurgiya kombinatini elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini berdi. Aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Foydalanishga topshirilgan tibbiy diagnostika markaziga Orolbo‘yida yagona bo‘lgan zamonaviy MRT, shu bilan birga elektrokardiogramma, videoendoskopiya, ultratovush diagnostikasi, stomatologiya va boshqa zamonaviy tibbiy apparatlar olib kelib o‘rnatilgan. Markazda tajribali shifokor va hamshiralar tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Murojaat qilgan fuqarolarga aniq tashxis qo‘ygan holda ambulator davolanishi ta’minlanadi.

Tikuvchilik sexida zamonaviy bichish-to‘qish va tikuv mashinalari yordamida erkaklar va ayollar kiyimlari, aksiyadorlik jamiyati ishchilari uchun maxsus himoya kiyimlari tayyorlanadi. Tibbiy diagnostika markazining foydalanishga topshirilishi bilan 48 ta, tikuvchilik sexida 17 ta, jami 65 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA