Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Ann Linde bilan uchrashdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda inson huquqlari sohasidagi o‘zaro hamkorlikning istiqboldagi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori mo‘’tabar mehmonga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish borasidagi ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, gender tenglik va yoshlar siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga oid faoliyat samaralari haqida to‘xtaldi.

YeXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri A.Linde O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lganini qutlar ekan, inson huquqlariga doir tashabbuslarni ilgari surish borasida muvaffaqiyatlar tiladi. YeXHTning amaldagi raisi O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan gender siyosatini, bu siyosatning aynan ijtimoiy-siyosiy hayotda xotin-qizlar roli va mavqeini oshirishga qaratilganini ham yuqori baholadi.

O‘zaro muloqot davomida YeXHT bilan hamkorlik va ikki tomonlama o‘zaro aloqalarning istiqboldagi imkoniyatlariga e’tibor qaratildi. Qo‘shma loyihalar, jumladan, institutsional rivojlanish loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mehmonlarga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda nashrga tayyorlagan va chop ettirgan yangi kitoblar taqdim etildi.

 

N.Usmonova, O‘zA