Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 13 aprel kuni yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda joriy yilda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha juda katta marra va muhim vazifalar belgilab olingan. Jumladan, yil boshidan buyon Prezident raisligida yoshlar masalasida ikkinchi marotaba videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Yanvar oyida o‘tkazilgan selektorda ikkita ustuvor yo‘nalish – yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Davlatimiz rahbari bu galgi yig‘ilishda vazirlar, viloyat rahbarlari, shuningdek, bugungi islohotlarning joylardagi mas’ullari bo‘lgan tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, rektorlar bu borada ishlarni qanday tashkil etgani, yarim yillikda, 9 oy va yil yakuniga qadar erishiladigan aniq natijalar yuzasidan hisobot berishi zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda respublika bo‘yicha 648 ming nafar ishsizlar “Yoshlar daftari”ga kiritilgani, birinchi chorakda 283 ming yoshning bandligi ta’minlangani ta’kidlandi.
Xususan, 175 ming nafar yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratilgan;
76 ming nafar yosh doimiy va jamoat ishlariga joylashtirilgan;
33 ming nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyati uchun 800 milliard so‘m kredit, 6 ming nafariga subsidiya ajratilib, bandligiga ko‘maklashilgan.
Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida 36 mingta qo‘shimcha turli to‘garaklar tashkil etilib, 874 mingga yaqin yoshlar jalb etildi.
“Besh muhim tashabbus” doirasida 97 mingta madaniyat, sport inventarlari va kompyuterlar, 562 mingta badiiy kitob ta’lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga yetkazib berildi.
Prezident shuncha vazifalar belgilab berilganiga qaramay, ayrim rahbarlarning yoshlar masalalariga e’tibori hali ham talab darajasida emasligini keskin tanqid qildi.
– Biz yil boshida yoshlar masalasini bejiz Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirmagan edik. Bu boradagi o‘rganishlar joylarda saviya yo‘qligini ko‘rsatdi. Tuman, shahar hokimlari, hozirgi zamon talabiga mos ish qilolmayapti, rektorlar nomiga yuribdi. Nimaga rektor yoshlar bilan uchrashdi, 2-3 ta talabani ishli qildi, degan gapni eshitmaymiz? Yoki rektorlar nega talabalar turar joylariga borib san’at arboblari bilan uchrashuv o‘tkazmaydi, nimaga taklif bermaydi? Ota-onalar rektorlarga qarab turganda nega ular tashabbus bilan chiqmaydi? Chunki hech kim yomon ko‘ringisi kelmaydi, amalda hamma o‘ziga yaxshi bo‘lishini xohlaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari Prezidentning yoshlar masalalar bo‘yicha maslahatchisi A.Abduvohitovda talabchanlik yetishmayotganini, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov foliyatida natija ko‘rinmayotganini tanqid qildi.
Yig‘ilishda joylardagi muammolar aniq misollar bilan aytib o‘tildi. Masalan, Andijon viloyatida 80 ming nafar ishsiz yoshdan birinchi chorakda 35 ming 600 nafarining bandligi ta’minlangan, shundan bor-yo‘g‘i 5 mingga yaqini doimiy ishlarga joylashtirilgan. Vaholanki, bugungi kunda viloyatda sanoat korxonalari va klasterlarda 7 mingta doimiy vakant ish o‘rinlari mavjud.
Jalaquduq, Paxtaobod tumanlari va Xonobod shahrida bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Xuddi shu kabi, ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka o‘qitishda ham muammolar bor. Kosonsoyda 4,5 ming nafar ishsiz yoshlarning 31 nafari, Namangan tumanida 3,6 ming nafardan 47 nafari, Taxtako‘pirda 1,3 ming nafardan 45 nafari o‘qitilgan, xolos.
Shuningdek, yoshlarning o‘zini o‘zi band qilishi uchun Bandlik jamg‘armasidan 7 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 5 nafar, Andijonda 11 nafar, Qoraqalpog‘istonda 76 nafar yoshlarga subsidiya ajratilgan.
Prezident hokimlarning yoshlar bo‘yicha har 15 kun, 1 oyda nima tashabbus ko‘rsatganiga qarab faoliyatiga baho berilishi, shunga qarab ishda qolish-qolmasligi hal etilishini ta’kidladi.
27 yil yoshlarni o‘qitmadik, dardiga quloq tutmadik. Yoshlar bizdan 20 baravar ilgarilab ketdi. Ularga yetish uchun ko‘proq ishlash, o‘rganish kerak. 2-3 yil oldin tizim yo‘q edi, keyingi paytlarda yetarli qarorlar qabul qildik. Endi har bir maktab, kollej, texnikum, hunar-texnika maktablari direktorlari tashabbus bilan chiqishi kerak, – dedi Prezident.
O‘zA