O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Doha shahrida Qatar Davlati Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Josim Ol Soniy bilan uchrashdi.

Muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatning hozirgi holati va istiqboli, tomonlarning xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston – Qatar hamkorligini yanada rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor ekani va sheriklikni ko‘p qirrali jihatga yo‘naltirishga xayrixohlik bildirildi.

Vazirlar yaqinda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan siyosiy maslahatlashuvning ijobiy natijasini mamnuniyat bilan qayd etib, turli darajada konstruktiv muloqotni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.

Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri barcha sohalarda aniq natijaga erishishga qaratilgan hamkorlik darajasini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy munosabatni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik Qatar tashqi siyosatida ustuvor o‘rin egallaydi.

Madaniy-gumanitar va turizm sohasida aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Suhbat davomida tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

O‘zA