Milliy terma jamoamiz a’zosi Abdushukur Sobirjonov 2018-yili Argentinada o‘tadigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarining konkur bahslarida ishtirok etadi.

III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga nomzodlar sirtqi jahon kubogi – Chellenj musobaqalaridagi ishtiroki va yuqori ko‘rsatkichlari asosida saralandi. Joriy yilgi Chellenj musobaqalarining O‘zbekiston, Eron, Iordaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Qatar, Suriya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan tashkil topgan oltinchi hududiy guruhida jami 78 nafar chavandoz Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun murosasiz bahslarda o‘z iqtidori va salohiyatini namoyish qildi.

Musobaqada Abdushukur Sobirjonov marrani hech qanday jarima ball olmasdan 63.04 soniyada bosib o‘tib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Chavandozimiz o‘smirlar o‘rtasidagi yozgi Olimpiadada Osiyo minataqasi terma jamoasi sharafi uchun ham bellashuvlarda qatnashadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA