Poytaxtimizda “Yil ayoli – 2017” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pi xotin-qizlardir. Bugun davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1,5 mingga yaqin xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat olib bormoqda. “Yil ayoli” tanlovining hududiy bosqichlarida komissiyalar tomonidan 5,5 mingdan ortiq ayolning faoliyati o‘rganildi. Mamlakat bosqichida 140 nomzod qatnashdi.
Nufuzli hay’at “Farg‘ona Roza-al” korxonasi, “Ibratli Bekam” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Shahnoza G‘aniyevani tanlov g‘olibligiga munosib ko‘rdi.
– Бу xushxabar Yangi yil arafasida men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi, – deydi u. – Tanlovning oliy o‘rin sovrindoriga loyiq topilganimdan behad xursandman. Bunday ishonch meni yangi maqsadlarga undaydi. “Ibratli Bekam” nodavlat ta’lim muassasasiga yetakchilik qilib, xotin-qizlarimizni hunar egasi bo‘lishga ko‘mak bermoqdamiz. Xususiy korxonamiz faoliyati esa bu yerda ta’lim olgan qizlarni ish bilan ta’minlashda qo‘l kelmoqda.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining “Pedagogika va umumiy psixologiya” kafedrasi o‘qituvchisi, pedagogika fanlari doktori Zuhra Soliyeva birinchi o‘ringa loyiq, deb topildi.
Ikkinchi o‘rin “Taxiatosh IES” korxonasi ofis menejeri Gulsara Jallibekovaga, uchinchi o‘rin Surxondaryo vilotining Boysun tumani milliy hunarmandlik markazi direktori Hanifa Salimovaga nasib etdi.
Tantanali marosimda g‘oliblar va “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng bilimli ayoli”, “Yilning eng muruvvatli ayoli”, “Yilning eng tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “Milliy qadriyatlarni ulug‘lagan yil ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”, “Ibratli oilaning namunali bekasi”, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi”, “Sanoatda saodat topgan yil ayoli”nominatsiyalari sovrindorlari diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.