O‘zbek matbuoti: poyezddan qolib ketgan yo‘lovchi timsolida... mi?

Ahmadjon Meliboyevning O‘zA saytidagi “Jurnalistga jur’at kerakmi?” maqolasini o‘qib…

Bu fikrlarni yozarkanman, bularni o‘z dardim sifatida ko‘rganimni aytayin. Shundanki, “biz” degan so‘zni tanladim. Men ham shu sohada yigirma besh yildan beri non yeyman. Gazetani siyohlari qurimagan holda ko‘p o‘qish nasib etganidan hamisha faxrlanaman, qachonki bir yaxshi maqola o‘qisam, muallifiga bir og‘iz shirin so‘z aytgim keladi, bizga ustozlar shunday o‘rgatishgan. Bir so‘z bilan aytganda, men ham sizlarning oralaringizdaman, shu bois begona tutmangiz…

O‘zbek matbuoti: poyezddan qolib ketgan yo‘lovchi timsolida… mi?

Dunyoda axborot maydonlari birinchi Prezidentimiz bundan chorak asrga yaqin vaqt ilgari barchaga eshitarli qilib bir necha bor bashorat qilganidek, bugun yadro poligonlaridan ham xavfliroq, qudratliroq kuchga aylanib ulgurdi. Bu poligonda asosiy qurol ishlatuvchi shaxs esa jurnalistdir. O‘sha ishlatuvchining mahorati bilan mamlakat dunyoda o‘ziga joy topadi yoki topolmaydi, o‘sha ishlatuvchining mahorati bilan jamiyatda o‘zgarishlar, adolat yanada hukmron bo‘ladi yoki jamiyat yanada g‘aflatga botaveradi…

Ochig‘i, katta-kichik davralarda gazetalarimiz, ayniqsa markaziy gazetalarimiz ham bugun aslida o‘quvchiga ega emasligi haqida juda ko‘p gapiryapmiz. Bu gaplarda juda katta jon bor!

Jurnalistika ilgarigi kabi yoshlar talashib-tortishib, jahd bilan talpinayotgan kasb ham bo‘lmay qolgani fakt! Buni ham inkor eta olmaymiz!

Yaqin o‘n yillardan keyin gazetalarimiz tahrir salohiyatiga ega bo‘lgan mutaxassislarga juda ham katta chanqoqlik sezib qolishini ko‘ryapmiz, anglayapmiz, his qilyapmiz, ammo hech birimiz bunga biror chora topolmayapmiz – bu ham fakt!

Agarki, majburiy obuna to‘xtasa, o‘ldim deganda, yetmish-sakson foiz gazeta o‘zini boqa olmay qolishi ham bor gap!

Ilgari markaziy nashrlarimizda o‘ziga xos jurnalistika maktablari sezilardi, bugun undayin maktablar haqida orzu qilish mumkin, xolos. Bunga ozgina bo‘lsa-da, vijdonimiz qiynalmayapti – bu ham hayotiy haqiqat!

Jurnalist kadrlar tayyorlash bilan amaliyotchilar aytarli qiziqayotgani yo‘q. Oliy ma’lumotli jurnalist diplomi bilan ishga kelayotgan yoshlarning 70-80 foizi aqalli imloviy xatolarsiz matn yozolmayapti. Maqolaning mazmuni, maqsadi, mundarijasi haqida gapirib o‘tirish ortiqcha. Bu – fojea!

Gazetalarimizning nafaqat mazmun-mundarijasi, balki maketi, dizayni mutlaqo zamon talablariga javob bermaydi! Nafsilambrini aytganda, bugun O‘zbekistonda muhtaram Prezident rahbarligida hayot ildamlik bilan o‘n-o‘n besh yil ilgarilab ketishga ulgurdi! Ammo matbuot hali ham joyida turibdi! U bundan bir yil ilgari qanday turgan bo‘lsa, o‘sha joyida sobit turibdi.

Demak, bir qator bosh muharrirlarning vazifasiga munosib yo yo‘qligi borasidagi turli gap-so‘zlar ham kutilayotgan, asosli gaplar – buni ham inkor etmaslik kerak.

O‘sha talabalik yillarimizdan buyon topgan pulimizning bir qismi – mayli-da, ko‘p holda ishxona hisobidan, bunday imkon bo‘lmaganda, o‘z hisobimizdan davriy nashrlarni xarid qilishga ketadi. Ammo, bugun qaysi gazetani sotib olish o‘zini oqlaydi? To‘rt-beshtasini e’tiborga olmasa… Shuncha qog‘oz sadqai sar bo‘layotgani rost-ku!

Bundan uch-to‘rt yil ilgari rasmiy gazetalar sariq matbuot deya mensimay qaraydigan “Darakchi”ni maqtab qo‘yib, ko‘p malomatlarga qolganimni eslayman, ammo bugun ham fikrimda sobitman –hozir ham uni o‘qishyapti – xafa bo‘lmaylik, odamlar undan ko‘p informatsiya oladi!

Fe’leton, pamflet, jurnalist tekshiruvi kabi janr va usullarning fotihasini o‘qiganlar hech qursa axborot, xabar, intervyu janrlarining imkoniyatlaridan unumli foydalanishni o‘ylasalar edi? Ba’zi intervyularni sinchiklab o‘qisang, birov yozib bergan ma’ruzaning orasiga qo‘yilgan savollardan ma’no topolmay qiynalasan kishi! Umuman, intervyu olish salohiyatiga ega bo‘lgan jurnalistlarimiz kamayib ketgani ham dod solarlik ahvolda!

Tugallanib borayotgan yil o‘ta sermazmun bo‘ldi. Aytish mumkinki, xalqimiz bilan dildan yaqinlashish, uning qalbiga yo‘l topib, dillashish, yuragiga qo‘l solish yili bo‘ldi! Minglab intiluvchan kishilarga rag‘bat bergan, g‘aflatda yotgan yuzlab rahbarlar va boshliqlarni uyg‘otib, harakatga keltirgan yil bo‘ldi. Bundayin ulkan islohotlar muhtaram Prezidentimizga osonlikcha amalga oshmayotganini ko‘rib-bilib turibmiz.

Hali bu yonda lobbizm orqali sug‘orilib kelingan qancha hovuzga o‘sha ariqlardan suv kelib turibdi, ikkinchi tomonda necha yuz firibni diliga tukkan maddohlar tirik… Lekin eng muhimi, nega matbuot, jurnalist ayni shu imkoniyatdan, o‘zi uchun qulay bo‘lgan real imkoniyatdan foydalanmayapti? Unda bugun jamiyatning real kuchi ekanini ko‘rsatish, majburiy obuna degan tamg‘adan batamom xalos bo‘lish uchun katta imkoniyat borku! Ammo u nega hamon uxlayapti?!

Axir, Prezident istayapti, u chin dildan istayapti matbuot, jurnalist deganining unga yordamchi, hamkor bo‘lishini!

O‘zbek jurnalistikasi degani ko‘proq o‘z, tinchini o‘ylaydiganlardan iborat bo‘lmasligi kerak-ku, axir!

Jizzaxda avtomobil ishlab chiqariladi! Jizzaxda neftni qayta ishlash zavodi ish boshlaydi!

Axir bular o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emas. Bularning zamirida qancha mehnat yotibdi. Bu xalqaro munosabatlarning real natijasi, bu o‘sha hududdagi minglab odamlarning hayoti, taqdiridagi kutilayotgan o‘zgarish, bu o‘n minglab odamlarning muqim va munosib ish o‘rni bilan ta’minlanishi, bu benzin taqchilligiga doxil bo‘lgan muhim chora, bu tarixiy yutuq! Xo‘sh, qaysi gazeta shu borada birorta tahliliy material berdi? Faqat informatsiya ruhidagi chiqishlarni ko‘rdik. Bundayin tarixiy yangilanishlar odamlarning ruhini ko‘taradi, bundayin ezgu amallar jamiyatni ezgulikka chorlaydi, xalqning davlatdan roziligini oshiradi, hamjihatlikka xizmat qiladi – buni bizning bosh muharrirlarimiz tushunishmaydimi?

Yil boshida Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurgan Prezident o‘sha qisqa muddat ichida Mo‘ynoqlik aholining armonini ushaltirib yubordi. Mo‘ynoqqa yuz kilometr uzoqdan suv keltirildi. O‘shanda televideniye orqali berilgan lavhani ko‘rib, tushungan, mohiyatiga yetganki, har bir mo‘ynoqlik kabi olis-yaqin barcha o‘zbekistonlik bundayin xushxabardan ko‘ziga yosh olib quvondi, mo‘ynoqlik jasorat talab hayot egalari uchun ham xursand bo‘ldi. Ammo o‘sha xursandchilik bu televizion xabarni ko‘rmaganlarga qaysi gazeta orqali yetib bordi, deb o‘ylaysiz? Yo‘q!

Turkiya Prezidenti Mirziyoyevga yaqinlashay, degan istak bilangina uning BMT minbaridan aytgan so‘zlari uchun minnatdorlik bildirgani yo‘q! Bu O‘zbekiston tarixi, islom tarixidagi zarhal harflar bilan yoziladigan gaplar uchun qilingan tashakkur edi! Islom bilan terrorchilikni yonma-yon qo‘yishga biz mutlaqo qarshimiz, degan so‘zlar uchun o‘sha yoqda adashib yurgan qancha odamning qalbi larzaga kelganini o‘ylaylik! Butun dunyoda yoshlar muammosini global darajada ko‘rib chiqish tashabbusi nima degani? Qani bizning tahlil? Xo‘sh, nega bundayin tarixiy voqeliklar borasida biz jimmiz! Bunday ulug‘ so‘zlarni dunyo minbaridan baralla aytgan mard Prezidentning ishonganlari, suyanganlari nega jim!?

Amerika Prezidenti tashabbus qilib O‘zbekiston Prezidentiga telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, Donald Tramap janobi oliylari shaxsan O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga yuksak baho berdi, uning saylanganiga roppa-rosa bir yil bo‘lgan Prezidentini Amerika diyoriga rasmiy tashrif qilishga chorladi. Biz esa rasmiy xabar beramiz, bir-ikki o‘zimiz bilgan kishilarning nomidan nomiga aks sado beramiz. Naqadar bedavomiz!

Nazarimda, biz Prezident ishonchini mutlaqo oqlamayapmiz! Biz aslida jamiyatdan, o‘quvchidan nolimasak ham bo‘ladi, chunki biz uning ishonchini yo‘qotib bo‘ldik, ammo bittagina ilinjimiz – Prezident ishonchini qozona olmasak, keyin o‘quvchi ishonchiga qayta olmasligimiz aniq. Kechirasiz, unda gazetamizning kimga keragi bor bo‘ladi? Ayting!

Ahmadjon Meliboyevning O‘zA axborot agentligi saytida e’lon qilgan “Jurnalistga jur’at kerakmi?” nomli maqolasidan keyin ba’zi “oqsoqol” jurnalistlarimiz gap orasida, “o‘zi ham ishlaganku, biladiku”, degandayin e’tirozlar bildirishyapti. Men Ahmadjon akaning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini boshqargan paytlarini yaxshi eslayman. Nisbatan olganda, bu gazeta o‘sha davrlarda eng ziyolilarbop nashr maqomida edi. Bugun o‘sha gazeta qani? “Bilasanku”, degan iddaoning tagida hamma narsa yuqoridan belgilanar edi-ku, shuni bila turib yana nima keragi bor bunaqa gaplarning, degan ma’no bor. Biroq, gazeta orqali odamlarga chin ma’rifat tarqataman, degan qaysi bosh muharrir kaltak yedi? Keyin nega endi to‘g‘ri gapni, to‘g‘ri ko‘ngil bilan aytilgan haqiqatni qabul qila olmaymiz?

O‘tgan bir yil ichida ko‘pgina yo‘qotilgan narsalarimizni tiklasak arzirdi, bunga imkon bor edi.

Ikki og‘iz obuna haqida.

Bu yilgi obuna mavsumida nashrlarimiz mutasaddilari xavotir bilan yurishibdi. Chunki obunaning cho‘g‘i o‘tgan yilgidan-da ancha past. Bu esa gazetaning tirikchiligi og‘ir kechishini daraklaydi. Yil davomida xalqqa tobora yaqinlashgan “Kitob dunyosi”, “Jamiyat”, “Milliy tiklanish”, “Hurriyat” kabi gazetalarimizga ma’rifatsevar rahbarlar ham yelkadosh bo‘lishlariga shubha yo‘q.

Boshqalarni esa… Darvoqe, jurnalistlarimiz, ziyolilarimiz ko‘pincha maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida o‘quvchi va talabalardan obuna uchun pul yig‘ishlar borasida yozg‘irib qolishadi. Bir qator yillar shu jarayonni kuzatib guvoh bo‘lganim uchun aytib qo‘yishni joiz deb bilaman, oliy o‘quv yurti ham, maktab-u kollejlar ham nari borsa, bir-ikki nashrga obuna kvotasiga ega, olis tarixdagi obuna uchun ajratiladigan millionlagan mablag‘lar hozir yo‘q. Hech kim o‘qimaydigan, biroq obuna bo‘lish majburiyati yuklatilgan nashrlarning obunasiga esa o‘qituvchi va boshqa xodimlarning oylik maoshlari ham yetmasligi aniq. Demak, o‘sha majburiyat shu yo‘l bilan hal etiladi. Bundan domangir bo‘lib yurishimiz esa oynaga o‘zimiz qarab olishimiz zaruratini kun tartibiga qo‘yadigan holatdir.

Xo‘sh, nima qilish kerak?

Nazarimda, biz bugun poyezddan qolib ketgan yo‘lovchi holatidamiz. Aslida poyezddan oldinroqda bo‘lishimiz joiz. Buning uchun:

Birinchidan, gazetalarimizning tashkiliy tuzilmasi tubdan optimallashtirilishi, ya’ni haqiqiy ijodkorlarning huquqi, manfaati joyiga qo‘yilishi lozim. Hozirgidek o‘ttiz yil ishlab bitta esda qolarli maqola yozib ulgurmagan “ijodkor” boshqa ish izlashi lozim.

Tahririyatlar ishni tashkil qilishda qalam haqi hisobidan chet mualliflarni buyurtma maqolalar tayyorlash bo‘yicha yollash tizimiga o‘tishi lozim. Maqola talabga javob beradimi, sotib olinadi, aksincha bo‘lsa, yo‘q. Tahririyatdagi adabiy muhit tashkil etilishi lozim. Ilgarigidek, muayyan janrlar iimkoniyatlari bo‘yicha saboq bergulik maktablar bo‘lishiga erishish lozim.

Jurnalistika fakulteti talabalarining hech bo‘lmaganda ellik foiz dars vaqti tahririyatlarda o‘tishiga erishish lozim. Fakultetlarda bugungi kunda amaliyotga mutlaqo zarurati bo‘lmagan darslarni keskin qisqartirish evaziga amaliyot mashg‘ulotlari keskin darajada ko‘paytirilishi lozim.

Gazetalarimizning maketi, dizaynini noodatiy bo‘lsa-da, odamni jalb etadigan kayfiyatga sozlash kerak.

Tahririyatlardagi bitta adabiy kotib tamoyilidan voz kechish shart. Gazetalarimizning bo‘lim mudirlari ham “ishlasin!” Yo‘qsa, gazetadan ijod ahlining qalamini ko‘rsa taniydiganlar aytganidek, faqat “falonchining hidi kelib qolyapti”.

Mahorat haqida esa aytmadim. Chunki, bu borada mendan peshroq bo‘lgan bo‘lim mudirlari, jurnalistlar ko‘p. Ularga xo‘mrayaverib, xarakterini namoyish qilib ularni ado qilmasdan, erkinlik, ijod erkinligi, fikr erkinligi berish lozim.

Ammo… Ayni shu joyiga kelganda, o‘ylanib qoldim: bu bosh muharrirlar bunga rozi bo‘lolarmikan?

Mazkur fikrlarga Siz nima deysiz? Munosabat bildiring?

Husan Ermatov,
jurnalist

 

O’zA