O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi bugun yurtimizning har bir fuqarosi qalbiga yorug‘lik, ertangi kunga sobit ishonch olib kirdi, desam yanglishmagan bo‘laman. Men qariyb yarim asrdan buyon davlat va jamoat ishlarida mehnat qilib kelaman. Bu o‘tgan davr hayot va jamiyat haqida, inson umri haqida tugal fikrga kelishga arziydigan vaqt, albatta.Qolaversa, bizning avlod peshonasiga mustabidlik tuzumida yashash-u ishlashdek og‘ir bir qismat bitildiki, bu ham inson taqdiri haqidagi o‘y-xayollarimizni kengaytirdi, buyuk shoirimiz Abdulla Oripov aytganiday, ko‘pchiligimizni “buyuk bir hikmat”ga yuzlantirdi. Bu hikmat shundayki, odam qachonki, qadr-qimmati, hurmati joyiga qo‘yilsa, yonida quvonchiga ham, qayg‘usiga ham sherik bo‘la oladigan fidoyi, mard bir kishisi borligini his qilsagina o‘zini baxtli sezar ekan, hayotidan rozilik tuyar ekan…

Prezidentimizning kechagi nutqi shu jihatlari bilan ham odamlarni to‘lqinlantirib yubordi. Dillaridagi orzu-armonlari o‘y-xayollariga hamohang jarangladi. Va shuning uchun ham bu murojaatni nafaqat parlament a’zolariga, balki butun O‘zbekiston xalqiga murojaat, deb qabul qilsak to‘g‘ri bo‘ladi.

Biz uning zamirida poyoniga yetayotgan 2017-yil to‘la ma’noda inqiboliy yangilanishlar, insonni e’zozlash, odamlar qalbiga yo‘l topish davri bo‘lganligini, el-yurt farovonligi yo‘lida davlat kelgusida o‘z oldiga qo‘yayotgan dolzarb va kechiktirib bo‘lmas reja va masalalar yechimi va istiqbolini ko‘rdik.

Bugun O‘zbekiston yangi davrga qadam qo‘ydi. Buni biz yaqin bir yilda guvohi bo‘lganimiz – ura-urachilik, ko‘zbo‘yamachilik va hayotimizdan yolg‘onlarni sitib chiqarganimiz misolida ko‘rishimiz mumkin.

Etibor qiling, biz oxirgi o‘n yillikda 8 foizdan kam bo‘lmagan o‘sishga “erishib” keldik. Ammo bu ko‘rsatgich odamlar hayotida qanday namoyon bo‘ldi? Afsuski, hech qanday! Dunyoda mana-man degan rivojlangan davlatlar orzu qiladigan bu foizlar aslida tagi puch raqamlar ekanini ko‘pchilik bilar edi. Xo‘sh, bunday yolg‘on ko‘rsatkich kimga kerak edi va bu bilan kimni qoyil qoldirmoqchi edik?!.

Shoir”yolg‘on shirin og‘u shirin o‘ldirar” deganidek, iqtisodiyotimiz, ijtimoiy soha qisqa qilib aytganda, odamlarimiz hayoti birov havas qiladigan darajada emasligi g‘alvir ko‘tarilganda ma’lum bo‘lib qoldi… Prezidentimiz o‘z murojaatlarida endi bunday yashab va ishlab bo‘lmasligini, xalqqa xiyonat qilishga hech kimning haqqi yo‘qligini, ona xalqimizga fidoyilarcha xizmat qilish har bir rahbarning burchi ekanligini va bu qoida o‘zining hayotiy prinsipi ekanligini ma’lum qildi.

Samimiyat samimiylikka chorlaydi. O‘tgan bir yil davomida mamlakatda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar o‘z samarasini berdi, yanayam muhimrog‘i, bu yangilanishlar odamlarimiz turmush tarzida aks etdi. E’tibor qiling, joriy yil yakunlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot 5.5 foizga o‘sgan, tashqi savdodagi ijobiy saldo esa 854 million dollarni tashkil etmoqda. Buni oddiygina qilib, mahsulotlarimiz tashqi bozordan o‘z joyini topayotir, deb izohlashimiz mumkin. Milliy so‘mimizning erkin konvertatsiyasi amalga oshirilishi evaziga chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalari 1.5 barobar ortib, 1.3 milliard dollarga teng bo‘ldi. Mazkur tartibning joriy qilinishi o‘laroq, mamlakatimizga chet investorlar ishonchi paydo bo‘la boshladi. Bu esa ilgarigi havoyi, hayotdan yiroq, buning ustiga odamlarga bir pullik naf bermaydigan raqamlarni reallashtirish imkonini beribgina qolmay, O‘zbekistonnning dunyo ishbilarmon doiralari orasida obro‘-e’tiborini oshirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz murojaatlarida ijtimoiy sohaga ustuvor e’tibor yaqqol sezilib turdi. Darhaqiqat, 2017-yil mamlakatimizda nochor va kam ta’minlangan yurtdoshlarimiz uchun alohida g‘amxo‘rlik yili bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Zotan, nogironligi belgilangan kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doir prezident Farmonining qabul qilinishi, aholining kamxarj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan qator Farmon va qarorlarning hayotga tatbiq qilinib, amalga oshirilishi natijasida o‘n minglab xonadonlarga fayz-baraka kirdi, ularda yashayotgan yuz minglab hamyurtlarimiz hayoti charog‘on bo‘ldi. Ularning hayotga bo‘lgan muhabbati, davlatga bo‘lgan ishonchi oshdi.

Xo‘sh aytingchi, shahar-u qishloqlarimizda bunyod etilgan 3.5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy hovli joylar va ko‘p qavatli uylarda hayotga yangicha nigoh bilan qarayotgan, qalbida yaratish va yashash shavqi jo‘sh urgan ko‘ngli o‘ksik vatandoshlarimiz dilidagi quvonchu shodlikni nima bilan baholab bo‘ladi?!.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham muhtaram yurtboshimizning “Aholining nochor qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 3268-sonli Farmoni asosida aynan kam ta’minlangan xonadonlarni o‘rgandi, ularga har jihatdan ko‘maklashish, iqtisodiy ahvolini yaxshilash borasida takliflar ishlab chiqdi. Bugungi kungacha qariyb 10 ming xonadon ushbu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, imtiyozli kreditlar bilan ta’minlandi. Respublika bo‘yicha 22 200 xonadonga maishiy texnika vositalari, kam ta’minlangan oilalarda istiqomat qiluvchi 1200 nafar bemorga sog‘ligini tiklash uchun 4 million so‘mdan, 2200 oilaga uy-joylarini ta’mirlash bo‘yicha 10 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi. Yana 400 oilaning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning bahorida 616 nafar kelin-kuyovlarning nikoh hamda 3280 nafar bolaning sunnat to‘ylari keng jamoatchilik ishtirokida katta ko‘tarinkilik bilan tashkil qilib berildi. Shubha yo‘qki, bu davomli tadbirlar eng avvalo xalqimizni yanada jipslashtirishga, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga, qolaversa, boshqalar kabi yashash imkoniga ega bo‘lmay ruhan qiynalib yurgan minglab insonlarning ko‘nglini ko‘tarib, ularni jamiyatning faol va fidoiy a’zolari qatoriga qo‘shishga xizmat qiladi.

Vaqt yugurik. Ayniqsa, tobora globallashib borayotgan uchinchi ming yilligimiz odamdan o‘ta hushyorlikni, hozirjavoblikni va keng mushohadani talab etadi. Integratsiyalashayotgan, madaniyatlar bir-biriga qorishib borayotgan bugungi dunyoda o‘z so‘zini aytish, xalqi va davlati manfaatini qattiq turib himoya etish har qachongidan-da dolzarbroq ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, muhtaram yurtboshimizning BMT minbaridan qilgan tarixiy chiqishi nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro hamjamiyat manfaatlari uchun ham o‘ta dolzarbdir.

Xususan, Shavkat Miromonovich islom dinining terrorchilik, separatizm kabi jirkanch unsurlar bilan yonma-yon qo‘llanilishi bu muqaddas dinga e’tiqod qiluvchi millionlab insonlar uchun haqorat ekanini baland minbardan turib baralla ayta olgan birinchi davlat rahbari, yoshlar muammolarining nafaqat bir mamlakat, balki butun insoniyat oldidagi eng dolzarb masala ekanligini asoslab bergan birinchi siyosatchi bo‘ldi. Islom ma’rifat va tinchlik dini ekanini, shu din asosida ta’lim olgan buyuk bobolarimiz aql ziyosi bugun ham insoniyat yo‘lini yoritib kelayotganligini qat’iy ta’kidlagan Prezidentimiz yaqin kelajakda O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom akademiyasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishini faxr bilan qayd etdi. Birgina yakunlanayotgan yilda madaniy-gumanitar sohalarni rivojlantirishga qaratilgan 12 ta muhim hujjat qabul qilingani bu boradagi ulkan islohotlarning dalolatidir.

Murojaatnomada O‘zbekistonning xalqaro munosabatlariga ham alohida urg‘u berildi. E’tibor bering, mamlakatimiz rahbari yil davomida 21 ta oliy darajadagi tashriflarni amalga oshirdi, 60 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari bilan muzokara va uchrashuvlar o‘tkazdi. Pirovardida jami 60 milliard dollar hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi. Qabul qilingan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha 40 ta “Yo‘l xaritasi”, ya’ni ularni amalga oshirishning qadamba-qadam rejasi ishlab chiqildi.

Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyo davlatlariga ustuvor yo‘nalish sifatida qaralayotgani mamlakatimiz va qo‘shni xalqlarning azaliy orzu va niyatlariga hamohang bo‘layotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shu paytgacha o‘zaro aloqalar turli sun’iy to‘siqlar, shaxsiy kelishmovchilik, “sen zo‘rmi, men zo‘r” qabilidagi egoistik qarashlarga asoslanganligini bugun hech kim inkor etmaydi. Bu munosabatlar azaldan qo‘ni-qo‘shni, qarindosh bo‘lib yashab kelgan, tarixiy ildizlari, tili va dini bir bo‘lgan xalqlarning asriy qarashlariga putur yetkazdi, va hatto turli ixtiloflarga ham sabab bo‘ldi. Masala shu darajaga borib yetdiki, jo‘ngina aytganda, yugan qo‘ldan ketdi, qardoshlar bir-biriga o‘gay ko‘z bilan qaray boshladi. Bunday murakkab vaziyat barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan, mard va jasur, fidoiy va elparvar bir liderga ehtiyojni paydo qildi. Bu ehtiyoj Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi erishgan muvafaqqiyatlaridan “suv ichayotganligi”ni bugun vijdoni bor odamlarning barchasi e’tirof etmoqda. Xalqimizda “bor tovog‘im, kel tovog‘im” degan hikmatomuz gap bor. Birgina tovoqning borib kelishida ham mehr-oqibat, ham moddiyatni ota-bobolarimiz jo‘ngina ifodalab qo‘ygan. Biz nima qildik? Chegaralarimizni yopib iqtisodimizni kasod qildik. O‘tgan bir yil ichida yaqin qo‘shnilarimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalarimiz bois odamlarimiz tafakkuri o‘zgardi, bir-biriga ishonchi mustahkamlandi. Qolaversa, iqtisodimiz naf ko‘ra boshladi. Buni birgina Qozog‘iston bilan o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichining 2 milliard dollarga yetkazish borasidagi sa’y-harakatlar misolida ham ko‘rsa bo‘ladi.Qirg‘iziston bilan chegara hududlari bo‘yicha o‘n yillar davomida yechilmay kelgan muammolar hal etildi, Turkmaniston va Tojikiston xalqlari ham yurtboshimizning bu siyosatidan cheksiz minnatdor bo‘lmoqda.

“Yangi fikr, yangi g‘oya, innovatsiyaga suyangan davlatgina yutadi”, degan gap chiroyli suxan uchun aytilmadi. Buning tag zamirida davlatimiz taraqqiyoti istiqboli, xalqimizga farovon hayot yaratib berishdek oliyjanob bir istak mujassamdir. Muhtaram yurtboshimizning 2018-yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berishi esa bu boradagi keng ko‘lamli amaliy ishlarga mustahkam zamin hozirlaydi.

Zero, jamiyat taraqqiyotida insonning intellektual salohiyatidan foydalanish, uni rag‘batlantirish barcha zamonlarda ham o‘z samarasini bergan. Buni biz sharq renessansi, deb ulug‘lanadigan o‘rta asrlarda buyuk ajdodlarimiz asos solgan buyuk tamaddunlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, innovatsion g‘oyalar ishlab chiqarish bazasini texnik-texnologik jihatdan to‘xtovsiz yangilash, zamonaviy texnologiyalar yaratish, tabiiy resurslardan unumli foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar o‘zlashtirish va buning barobarida iqtisodiyotni yuksaltirish imkonini beradi.

Ayni vaqtda yurtimiz olimlari, ixtirochilari tomonidan yaratilayotgan yangiliklarni hamda ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish taraqqiyotni avval kuzatilmagan yangi va yanada yuqori bosqichga ko‘taradi. Shuningdek, viloyatlar kesimida hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolarni aniqlash va bartaraf etishda yangicha tizim yaratiladi. Hududlar ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sishi, aholining hayot darajasi va farovonligi yuksalishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qodir bo‘lgan fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasi shakllantiriladi.

Mirziyoyev fenomeni “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”degan g‘oyaga qurilganligini xalqimiz uning har bir harakatida sezmoqda va unga ishonchi tobora mustahkamlanmoqda. Dunyoda muqobili yo‘q Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxona fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning o‘ziga xos demokratik qurimi sifatida amalda o‘zini oqlamoqda. Ushbu qabulxonalarda o‘tgan bir yilda 1,5 milliondan ziyod murojaat ko‘rib chiqilgani davlat xizmatchisi xalq oldida mas’ul ekanini takror va takror tasdiqdan o‘tkazmoqda.

Va o‘z-o‘zidan, bu o‘tgan chorak asr davomida xalqning minglab muammo va shikoyatlari e’tiborsiz qolib kelgani, odamlarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi so‘nib, xalq bilan davlat o‘rtasida katta jarlik paydo bo‘lganini ham anglatadi. Xalq qabulxonalari, ikkinchi tomondan, odamlarning xohish-irodasiga bo‘lgan tarixiy e’tiborni ham ko‘rsatadi. Davlat hokimiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarda xalqning istaklari mujassam bo‘lishiga erishish, ya’ni jamiyatda demokratiya talablarining amalda bo‘lishida ham bu tizim o‘ziga xos asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilgani mazkur yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Tan olish kerak, aholining shu paytgacha aynan davlat xizmatlari va u yerda o‘rnatilgan asossiz tartiblarga e’tirozi kuchli edi. Oddiygina mahalladan ma’lumotnoma olish odamlarning qancha vaqtini olib, asabini buzardi, otangga bor, onangga bor, qabilidagi sansalorliklar-chi? Shu ma’noda, davlat organlari faoliyatiga xolisona baho beradigan bo‘lsak, muhtaram yurtboshimiz kuyinib takror va takror aytayotganidek, osmondan tushib xalqning xizmatini qiladigan vaqt keldi.

Haqiqatni aytganda, dastlab 1996-yilda kun tartibiga qo‘yilib, keyin qaysidir “allomalar”ning “vaj”lari bilan tokchaga tashlab qo‘yilgan “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi Qonunga bugun juda katta zarurat bor. Nafsilambrini aytganda, bugunga kelib mahalliy hokimliklarni salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash o‘ta jiddiy muammolardan biriga aylangan.

Nega deysizmi? Chunki, yuqori malakali mutaxassis katta mas’uliyatli, javobgarligi yuqori bo‘lgan vazifalarga o‘z-o‘zidan ishga borishni istamaydi. Chunki, bu o‘rinlarning oylik maoshlari juda ham past darajada qolib ketgan. Bu masala bilan birov hatto qiziqib ham ko‘rmagan. Oqibatda esa mahalliy hokimliklarda jo‘yali takliflar, yuqoridan tushayotgan hujjatlarni teran idrok etish, ularning ijrosini tashkil qilish, mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda juda ko‘plab oqsoqliklar, kamchilik va xatolarni ko‘rish mumkin.

Shu ma’noda, mazkur qadam davlat xizmati xodimlarining o‘z vazifalariga bo‘lgan javobgarligi bilan birga, ularning barcha iqtisodiy va maishiy imkoniyatlari ham real darajada bo‘lishini ta’minlaydi, uning huquqiy asoslarini yaratadi. Bu dunyo rivojlangan davlatlaridagi mavjud amaliyot. O‘ylaymizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining hayotga tadbiq etilishi bu yo‘nalishdagi barcha muammolarning hal etilishiga xizmat qiladi.

Muhtaram yurtboshimiz murojaatlarida parlamentlarimiz, shuningdek sud-huquq tizimi idoralari ishiga tanqidiy baho berdilar. Bu yo‘nalishda “Mening fikrim” maxsus veb-sahifasining joriy etilishi, jamoa bo‘lib elektron murojaat qilish amaliyoti tatbiq etilishi natijasida bir guruh fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni Oliy Majlis yoki xalq deputatlari kengashlari ko‘rib chiqishining majburiyligi ta’minlansa, qabul qilinadigan qonunlarda keng jamoatchilik ishtiroki ta’minlanishi, xalq xohish-irodasining ifoda etilishida katta qadam qo‘yilgan bo‘ladi.

Davlat boshqaruvidagi haddan tashqari markazlashtirilgan tartib-tamoyillar ham yurtboshimiz Murojaatnomasida keskin tanqid qilindi. Erkinlashtirish yoxud mo‘tadillashtirish siyosati ma’qullanar ekan, Prezident mahalliy davlat idoralaridagi rahbar va mutasaddi kadrlarning salohiyati va mas’uliyatini ham tubdan oshirish zaruratini kun tartibiga qo‘ydilar. Qolaversa, Sh.Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, mahalliy hokimlik, ya’ni ijro etuvchi hokimiyat rahbarining mahalliy kengashga ham raislik qilishi mantiqan to‘g‘ri emas. Axir qanday qilib hisobotini eshitishi lozim bo‘lgan organga o‘zi rahbarlik qilishi mumkin?

Bugungi yangi dunyoda korrupsiya, terrorizm, odam savdosi, narkotrafika kabi asr fojealari bilan birga tilga olinadi va bu bejiz emas. Prezidentimiz ham Murojaatnomasida jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratdi. Ma’lum bir guruh manfaatlariga xizmat qiluvchi qarorlarning qabul qilinishi, tanish-bilishchilik, muayyan manfaatlar, mahalliychilik va boshqa g‘ayriqonuniy ko‘rinishdagi kelishuvlarning turlicha usul va uslublarini bartaraf etish albatta qonunlarimiz orqali jiddiy belgilab qo‘yilishi zarur. Shu ma’noda, Murojaatnomada qayd etilgan ko‘plab yangi tartib va qoidalarning o‘zagida ham ayni mana shunday maqsadlar yotganligini anglash qiyin emas.

Davlat hokimiyati faoliyatining ochiqligi aslida korrupsiyaga qaqshatqich zarba bo‘lishi shubhasiz. Yaqin kelajakda barcha davlat xaridlarini amalga oshirish va davlat mulkini sotish uchun internet tarmog‘ida yangi maydon tashkil etish lozim, dedi Prezident. Bu esa byudjet xarajatlarini qisqartirish, davlat mulkini samarali boshqarish va katta moliyaviy mablag‘larni iqtisod qilish imkonini beradi. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” qonun ishlab chiqilishi, Fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo‘yicha maslahat kengashi tuzilishi borasidagi Prezident takliflari ham ayni shu maqsadlarga xizmat qilishiga shubha yo‘q.

Muhtaram yurtboshimiz soliq tizimidagi o‘z davrini o‘tab bo‘lgan amaliyotlarga chek qo‘yish borasida ham atroflicha to‘xtaldilar. Mutaxassislar bu yo‘nalishdagi barcha fikrlarni bir mantiqiy xulosaga yo‘naltirilganiga e’tibor qaratishmoqda. Bundan buyon soliqlarimiz xalqqa qayishadigan, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlaydigan, davlat manfaatlarini ustuvor darajada baholaydigan ishlab chiqaruvchilarning intilishlarini rag‘batlantiradigan formatda bo‘ladi. Shu bois ham yaqinda Oliy Majlis Senati tomonidan muhokama qilingan 2018-yilgi byudjet loyihasini yana bir bor mazkur yo‘nalishda qayta ko‘rib chiqish haqida so‘z bordi.

Men mazkur chiqishda muhtaram yurtboshimizning yoshlarimizga bo‘lgan cheksiz mehribonchiligini yana bir bor his etdim. Ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan yoshlarimiz bilan mustahkam aloqada bo‘lib turish, ularni qiziqtirayotgan masalalarni o‘rganib borish zarurligini alohida uqtirdilar. O‘zbekiston yoshlari xalqaro asotsiatsiyasini tuzish, kelasi yili Samarqandda Markaziy Osiyo yoshlari forumini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdilar.

Bir so‘z bilan aytganda, Shavkat Miromonovichning bu murojaati har bir vatandoshimiz diliga cho‘g‘ soldi. Qalblarda xalqparvarlik, elparvarlik shukuhini olovlantirdi. Bu ruh olis moziydan – buyuk ajdodlarimiz Spitamen, To‘maris, Temurmalik, Jaloliddin Manguberdi, Buyuk Temur siymolarini ko‘z o‘ngimizda gavdalantirdi. Ularning shavkatidan bir sado berdi.

Qudratilla Rafikov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi

 

O’zA