19 yanvar yangi O‘zbekiston tarixida milliy g‘oya va ma’naviy-ma’rifiy ishlar sohasida burilish nuqtasi bo‘ldi.

Chunki shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzuridamilliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi, aniq-tiniq maqsad va vazifalar belgilab olindi.

– Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda. – Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat.

Tabiiyki, inson ‒ ana shu tana va ruh birligidan iborat. Uning birini deb ikkinchisini qurbon qilish aslo mumkin emas. Ammo bu ikkalasining uyg‘unligiga erishish oson ish emas. Buni xoh bir shaxs, xohiki butun bir jamiyat misolida olib qarasak ham, o‘ta murakkab va mas’uliyatli vazifa ekani ayonlashadi. Shunga qaramasdan, insoniyat hamisha komillikka intilaveradi. Har bir makon va zamon bu oliy darajani maqsad va muddao qilaveradi.

Mamlakatimizda iqtisodiyot sohasida ko‘pdan-ko‘p islohotlar amalga oshirilyapti. Biz bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot yaratishga kirishdik. Kambag‘allikni bartaraf etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti ham. Hatto, bugun xalq orasida keng muhokama qilinayotgan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham bu borada aniq chora-tadbirlar  ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiy taraqqiyotga erisha borilgani sari kambag‘allik ham barham topa boradi, albatta. Ammo ma’naviy qashshoqlikni qanday bartaraf etamiz?

O‘zbekiston Prezidenti masalani aynan shu tarzda keskin qilib qo‘ydi.

Bir nozik nuqtani unutmaslik kerak. Moddiy va ma’naviy qashshoqlik o‘rtasida tig‘iz aloqadorlik bor. Tabiiyki, kambag‘allik barham topgani sari ma’naviy qashshoqlikning ham tomiri kesila boradi. Chunki qorni to‘q odamning qulog‘iga ma’naviyat yaxshiroq singadi-da. Xalq bu haqda: “Och odamga tanbur chi kora?!” ‒ deb aytadi. Biroq taraqqiy etgan mamlakatlar misolida ko‘rib turibmizki, to‘qlikning ham o‘z sho‘xliklari bo‘lishi mumkin. Ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotning vazifasi esa ‒ jamiyatda ana shu oltin o‘rtaliqni topishdan iborat.

Bugun milliy g‘oyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tizimini tubdan takomillashtirish, bunda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini yanada kuchaytirish ‒ davlat va xalq oldida turgan o‘ta dolzarb masalalar sirasiga kirishi ta’kidlandi.

Milliy g‘oya va mafkura, ma’naviyat va ma’rifat sohasi doimiy ravishda, hatto, har kun, har lahzada jamiyat oldiga yangi-yangi vazifalarni belgilash, kutilmagan nuqtai nazar va yechimlar topishga undaydi. Dunyo o‘zgarib boraverishi bilan odamlarning fikri,  qarashi, hayotga munosabati ham o‘zgarib boraveradi. Ochig‘ini aytganda, bugun mafkura maydonida 4-5 yil burungi usul va vositalargagina suyangan holda kurashib bo‘lmay qoldi.  Chunki axborot maydoni haddan tashqari kengayib ketdi. Ommaviy axborot vositalari tarkibiga ijtimoiy tarmoqlarda turli yo‘nalishlar yuzaga keldi. Mafkuraviy kurash har qachongidan ko‘ra ham kuchaydi, murakkablashdi, chigallashdi. Har kim har kuni har xil axborotlarni qabul qilyapti. Xo‘sh, ularni kim saralaydi ‒ saragini sarakka, puchagini puchakka chiqarib beradi?  Hozir tili chiqib-chiqmagan farzandlarimizning qo‘lida ham ‒ zamonaviy telefon. Bola undan aynan nimani ko‘ryapti? Buni kim nazorat qiladi? Olingan axborotlar kishilar ongida qanday asoratlar qoldiryapti? Ular ezgulikka xizmat qiladimi yoxud yovuzlikkami?

Bugun og‘ziga kuchi yetganu yetmagan borki, blogerlik qilyapti. Mayli. Demokratiya. Qonunan ularni cheklash, to‘sish mumkin emas. Ammo bu mafkuraviy kurashga bel bog‘lab kirish, xato, tuhmat, ig‘vo, yot mafkuralar ta’siridagi gaplarni rad etib, aholi uchun doimiy ravishda ma’lumotlarni  tahlil etib beradigan  kuch mavjudmi?  Bir xato fikr aytildi, boringki, qaysidir bloger qay bir mashhur kishini o‘ldiga chiqardi, deylik. Ortdan kimdir buni inkor etib chiqmasa, eshitgan kishi o‘sha xato fikrda qolaveradimi?

O‘zbek xalqida: “Quruq qoshiq og‘iz yirtadi”, ‒ degan  maqol bor. Ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarida ilgari surilayotgan g‘oyalar asosli, ya’ni hayotda isbotini topayotgan bo‘lishi kerak. Boshqacha aytganda, bu borada olib borilayotgan ishlar davlatning xalqparvarlik siyosati mohiyatini ochib berishi zarur.

Keyingi yillarda fuqarolarimizning davlatga ishonchi keskin darajada ortdi. Chunki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishga kirishdi. Prezidentimiz har bir rahbardan odamlarning dardi bilan yashashni talab etyapti. Buni joylarda aholimiz to‘g‘ri tushunib, yaxshi qabul qilyapti. Yurtboshimiz har bir rahbar barcha sohada o‘zi shaxsiy namuna bo‘lishini, pastga tushib, oddiy odamlarning  orasida yurib, ularning dardutashvishlari bilan yashab, odamlarning ehtiyojlarini o‘rganib, mavjud muammolarga yechim topishga, shu tariqa xalqni rozi qilishga undab kelyapti.

19 yanvardagi videoselektorda,  avvalo, har bir rahbarning o‘zi ma’naviyatli bo‘lishi kerakligi qayta-qayta uqtirildi.

Milliy g‘oya, ma’naviyat va ma’rifatning kuchi hayotga yaqinligi, bevosita odamlarning hayotini yaxshilashga xizmat qilishi bilan o‘lchanadi. Bu amalda davlat bilan xalq o‘rtasini yaqinlashtirishga olib keladi. Xalq davlatiga ishongan taqdirdagina jamiyatda ezgu g‘oyalar amal qila boshlaydi. Bu ma’naviyat sohasining birlamchi talabi hisoblanadi.

Mana, shu yilning 21-22 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Buxoro viloyatida bo‘ldi. Aytildiki, viloyatdan 100 ming kishi tirikchilik ilinjida ish izlab, xorijga ketgan. Yana 200 ming kishi ‒ ishsiz. Avvalo, ana shu ishsizlarga ish joyi paydo qilish, keyin yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirib, iloji boricha xorijda ‒ oilasidan uzoqlarda mehnat qilib yurganlarni yurtga qaytarish lozim.

Xo‘sh, bu iqtisod masalasimi yoki ma’naviyat muammosimi? Bu ikki jihat o‘rtasiga qizil chiziq tortish mumkinmi?

Mehnat qilib, oilasi, bola-chaqasiga rizq topib kela boshlagan fuqaroning ruhiyati ko‘tariladimi?

Albatta.

Ma’naviyati o‘zgaradimi?

Albatta.

O‘zga o‘lkalarda, yana qanday-qanday noqulay sharoitlarda yashab, mehnat qilayotgan kishi yurtiga qaytib, muntazam mehnat o‘rniga ega bo‘lsa, har kuni ishdan keyin issiqqina uyiga ‒ bola-chaqasi bag‘riga qaytib, dam olsa, oila a’zolari bag‘rida mehr-muhabbat ko‘rib yashasa, bolalari tarbiyasiga o‘zi mas’ul bo‘lsa, buning ortidan qanday ma’naviy mevalar unishini tasavvurga sig‘dirib bo‘larmikan?

Ko‘rinib turibdiki, bugun ma’naviyat ‒ kompleks masala.

Videoselektorda muntazam ravishda “Ma’naviyat soatlari”ni o‘tkazish, bu ishga taniqli ziyolilar, jumladan, oliy ta’lim muassasasalari professor va o‘qituvchilarini jalb qilish vazifasi ham qo‘yildi. Rostini aytganda, bu borada muayyan tajriba mavjud. Lekin bugun kechadan keskin farq qiladi. Har kuni xalq oldiga bugungi gap bilan chiqish kerak. Axborot maydoni kengayib, tezlashib, tarmoqlashib ketdi.  Minbarga tayyorgarliksiz chiqib bo‘lmaydi. Bu esa hammamizni, xususan, ijtimoiy-gumanitar sohalar mutaxassislarini har kuni o‘qib-o‘rganishga, o‘z ustimizda ishlab, muttasil ravishda saviyamizni yuksaltirib borishga undaydi.

Bugun tayyorlayotgan kadrlarimiz ham o‘z sohasi bo‘yicha professional mutaxassis, ham inson sifatida ma’naviy barkamol bo‘lib chiqishi zarur. Bu esa oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy-gumanitar fanlarni, milliy g‘oya, ma’naviyat va ma’rifatni zamon talablari asosida tashkil etishga undaydi.

Xorijiy xurujlar ko‘paysa ko‘paydiki, aslo kamaygani yo‘q. Modomiki, dunyo manfaatlar kurashidan iborat ekan, bu aslo susaymaydi ham.Bugun ijtimoiy tarmoqlarda tasavvur qilib, chegaralab bo‘lmaydigan darajada turli fikr, g‘oya va mafkuralar ilgari surilyapti. Eng yomoni, hammasining orqasida qandaydir kuchlar bor, mohiyatida qandaydir manfaatlar yotibdi.

Hammamiz sezib, his qilib turibmizki, xalqimizni ogohlikka da’vat etish, fuqarolarimiz, xususan, yoshlarimizda turli-tuman axborotlarni saralab, tahlil qila olish, ularning keragini olib, nokeragini qabul qilmaslik salohiyatini shakllantirish uchun hali ko‘p ish qilishimizga to‘g‘ri keladi.

Ziyolilarimiz orasida ijtimoiy tarmoqlarga kirib, kunlik tezkor axborotlardan foydalanmaydigan, telegramdan biror materialni ololmaydigan yoki biror hujjatni suratga tushirib, birovga jo‘natolmaydiganlar ham topiladi. Bundaylar xalq oldiga chiqsa, hatto, talabaga dars berayotgan jarayonda ham axborotdan bexabarlik holatiga tushib qoladi. Bilib qo‘yaylikki, bugun bizni tinglayotganlar, istaysizmi-yo‘qmi, buni qoloqlikka yo‘yadi, o‘zini sizdan bilimdonroq hisoblaydi ham. Unda qanday qilib ularga o‘z pozitsiyamizni o‘tkazib, g‘oyamizni singdiramiz, tasavvurini o‘zgartiramiz? Ularning haq joyi ‒ ko‘proq-da.

Videoselektorda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ishini  tanqidiy o‘rganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi aytildi. Jumladan, ana shu Markazning “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” o‘quv muassasasi negizida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifi bildirildi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Buyuk Britaniya Bosh vaziri bo‘lgan Cherchill aytgan bir gap juda mashhur bo‘lib ketdi. U: “Kimning qo‘lida axborot ko‘p bo‘lsa, u dunyoni boshqaradi”, ‒ degan edi. Holbuki, bundan besh asr burun buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy “Farhod va Shirin”dagi shahzoda Shohg‘arib Bahodirga bag‘ishlangan bobida:

Erursen shoh ‒ agar ogohsen sen,

Agar ogohsen sen ‒ shohsen sen, ‒ 

deb yozgan edi.

Axborotga ega bo‘lish ‒ “xabardorlik”, ya’ni “ogohlik” degani. “Agar ogoh bo‘lsang, shoh bo‘lasan, ya’ni jamiyatni boshqarasan”, ‒ deydi shoir birinchi satrda. Ikkinchi misrada esa tardi aks san’ati asosida ifodalar o‘rinlarini almashtiradi. Shu tariqa endi: “Agar ogoh bo‘lsanggina shoh bo‘lasan”, ‒ degan shart o‘rtaga tushadi.

Bu shiorning Shohg‘arib Bahodirga qarata aytilgani ‒ bir badiiy vosita, xolos. Chunki doston, avvalo, keng kitobxonlar ommasi uchun bitilgan.

Bugun ulug‘ bobokalonimizning bu da’vati bilan  Prezident Shavkat Mirziyoyevning vidiyeoselektordagi  da’vati o‘rtasida yaqinlikni ko‘rmaslik mumkin emas.

 

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari nomzodi, “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri.