Sudanning G‘arbiy Darfur viloyati Geneyna shahrida qurolli to‘qnashuvlar natijasida qurbonlar soni 129 kishiga yetdi, 198 kishi jarohat olgan, deb xabar beradi “Baj News” nashri viloyat shifokorlari qo‘mitasi bayonotiga tayanib.
Avvalroq to‘qnashuvlar oqibatida 97 kishi qurbon bo‘lgani, 160 kishi jarohat olgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, xabarda zo‘ravonliklar o‘tgan shanba kuni Geneyna shahri aholisining biri o‘ldirilgandan keyin boshlangani aytilmoqda.
Shaharda vaziyat nisbatan tinch bo‘lishiga qaramay, zo‘ravonliklar hududi kengayib bormoqda. Geneyna voqealari bilan bir vaqtda Murni va Kakar tumani kasalxonalariga ham ko‘plab halok bo‘lganlar jasadlari keltirilgan, deyiladi shifokorlar bergan bayonotda.
Taxmin qilinishicha, jarohatlangan va halok bo‘lganlar ko‘p, biroq murakkab vaziyat tufayli ularni olib kelish qiyin. Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, minglab ko‘chib yuruvchi aholi boshpanaga ega emas. Ular suv, oziq-ovqat va dori-darmon yetishmasligidan aziyat chekmoqda.
Nashrning yozishicha, shifokorlar qo‘mitasi Sudanning vaqtli hukumatidan yuz berayotgan tartibsizliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olish, G‘arbiy Darfur viloyatini ofat qurboni bo‘lgan hudud deb e’lon qilib qon to‘kilishini to‘xtatish va jabrlanganlarni qutqarish uchun xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘rashni talab qilgan.
Sudanning g‘arbiy qismi bo‘lmish Darfur mintaqasida 2003 yildan buyon Sudan hukumati va ayirmachi guruhlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro boshlangandan buyon zo‘ravonliklar oqibatida 300 mingdan 500 minggacha kishi halok bo‘lgan, 2,5 million kishi uyini tashlab, qochqinga aylangan.