Avtomashinalar old va orqa oynalarining tusi o‘zgartirilishi (qoraytirilishiga) ruxsat berilgunga qadar faqatgina tegishli xizmat avtomobillarning oynalarini qoraytirishi mumkin edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 18 iyul 2018 yildagi 547-sonli qarori asosida bugungi kunda har bir avtomobilning orqa oynalari yoki old-orqa oynalarini to‘lov asosida o‘zgartirish qoraytirishga ruxsat berildi. Natijada davlat byudjetiga bir necha yuz milliard so‘m qiymatida tushumlar kela boshladi.

Shuningdek, yuqoridagi hukumat qaroriga 2019 yil 2 avgustdagi 646-son va 2020 yil 9 oktyabrdagi 635-son qarorlari bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, “tonirovka” narxlari ikki barobarga arzonlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatining 2018 yil 29 avgustdagi qaroriga muvofiq avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish va o‘zgartirish bepul amalga oshiriladigan davlat organlari ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib,  ushbu qarorga muvofiq Ichki ishlar vazirining 2019 yil 10 fevraldagi buyrug‘i bilan xizmat yengil avtotransport oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsat beriladigan Ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining ro‘yxati tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV DYHXX organlari tomonidan avtotransport vositalaridan ularning oynasini tusini o‘zgartirib (qoraytirib) foydalanish uchun:

– 2019 yil 5 avgustdan (646-sonli qaror kuchga kirgandan so‘ng) 2019 yil 31 dekabr kuniga qadar 31.367 ta ruxsatnoma berilib, jami 113 mlrd. 980 mln. so‘m pul mablag‘lari;

– 2020 yil 1 yanvardan 31 dekabr kuniga qadar 50.758 ta ruxsatnoma berilib, jami 188 mlrd. 395 mln. so‘m pul mablag‘lari;

– 2020 yil 1 yanvardan 9 oktyabr kuniga qadar 28326 ta ruxsatnoma berilib, jami 135 mlrd. 638 mln. so‘m pul mablag‘lari;

– 2020 yil 10 oktyabrdan (635-sonli qaror kuchga kirgandan so‘ng) 31 dekabr kuniga qadar 22.432 ta ruxsatnoma berilib, jami 52 mlrd. 757 mln. so‘m pul mablag‘lari;

– 2019 yil 5 avgustdan 2020 yil 31 dekabr kuniga qadar 82.125 ta ruxsatnoma berilib, jami 302 mlrd. 635 mln. so‘m pul mablag‘lari Hukumat qaroriga asosan to‘lov sifatida undirilgan.

Yuqridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 oktyabrdagi 635-son qarori kuchga kirgach, (yengil shaxsiy avtomobillarni orqa yon oynalarini tusini o‘zgartirish (qoraytirish) BHMning 10 baravaridan (2 mln. 230 ming) BHMning 5 baravariga (1 mln.115 ming) o‘zgartirilgan) fuqarolarimiz tomonidan avtomobillarni orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga talab ortib ketgan, ya’ni ilgari bir kunda o‘rtacha 120 ta ruxsatnoma berilgan bo‘lsa, qaror kuchga kirgach, bir kunda o‘rtacha 320 ta ruxsatnoma berila boshlangan.

Shuhrat Ne’matov, O‘zA