Mamlakatimizda farzandlikka olish tizimi ochiqligi va shaffofligini ta’minlovchi qoidalar belgilanmagan. Xususan, farzandlikka olish uchun hujjatlarni masofadan topshirish, farzandlikka olish mumkin bo‘lgan bolalar to‘g‘risida ma’lumotlar olish imkoniyati yaratilmagan.

Ammo belgilab qo‘yilgan qonunchilik asosida farzand asrab olgan oilaga to‘lanadigan nafaqalar mavjud. Asrab olingan farzand parvarishi uchun ham onalik ta’tiliga chiqish va ularga bunday hollarda to‘lanadigan nafaqa tartibi haqida Adliya vazirligi mas’ul xodimi Zafar Rahmonov O‘zA muxbiriga bu haqda quyidagilarni so‘zlab berdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 235-moddasiga asosan yangi tug‘ilgan bolalarni bevosita tug‘ruqxonadan farzandlikka olgan yoki vasiy qilib tayinlangan shaxslarga bola farzandlikka olingan (vasiylik belgilangan) kundan boshlab, bola tug‘ilgan kundan e’tiboran, ellik olti kalendar kun, ikki yoki undan ortiq bola asrab olingan (vasiylik belgilangan) taqdirda esa yetmish kunga qadar davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lagan holda ta’til beriladi. Bundan tashqari, bunday shaxslarning xohishiga ko‘ra, bola uch yoshga to‘lguniga qadar qo‘shimcha ta’tillar ham beriladi. Bir ma’lumotni alohida ta’kidlab o‘tishni xohlardim, farzand asrab olgan onalarga “dekret” puli to‘lanmaydi. Ammo mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanadi.

“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi 2667-sonli yo‘riqnomaning 29-bandida mazkur qoida mustahkamlangan.

Xodimga mehnatga layoqatsizlik pulini hisoblash quyidagicha bo‘ladi:

– Nafaqalarni hisoblab chiqarishda hisobga olinadigan ish haqining barcha turlari, shu jumladan, mazkur oyda ish haqi bilan birgalikda to‘lanadigan oylik mukofotlar ularning haqiqatda olingan vaqti bo‘yicha emas, balki ular hisoblab yozilgan vaqt bo‘yicha ish haqiga qo‘shiladi.

– Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik ta’tili boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan va sug‘urta badallari chegirilgan barcha mukofotlarning 1/12 qismi nafaqa hisoblab chiqariladigan oylik ish haqiga qo‘shilib, o‘rtacha oylik ish haqi miqdori belgilanadi.

Mazkur vaziyatda yangi chaqaloq asrab olayotgan xodimga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanib, yuqoridagi tartibda ta’til beriladi.

Bola asrab olinganda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha beriladigan nafaqaning farqi mavjud.

Qonunchilikka ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning 30 haftasidan boshlab hududiy ambulator-poliklinikalarning, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor o‘rinbosari bilan birgalikda bir yo‘la 126 kalendar kuniga beriladi.

Ma’lumot o‘rnida qo‘shimcha qilish lozimki, mamlakatimizda farzandlikka olish tizimi ochiqligi va shaffofligini ta’minlovchi qoidalar belgilanmagan. Xususan, farzandlikka olish uchun hujjatlarni masofadan topshirish, farzandlikka olish mumkin bo‘lgan bolalar to‘g‘risida ma’lumotlar olish imkoniyati yaratilmagan.

Qonunchilikda farzandlikka olishning soddalashtirilgan tartibi mavjud emas. Mazkur holat yaqin qarindoshlar tomonidan farzandlikka olish tartibining odatdagi tartibi bilan bir xil jarayonlardan o‘tishiga, rasmiylashtirish muddatlarining uzayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli bolalarni farzandikka olishdan ko‘ra, vasiylikka olish holatlari soni oshib bormoqda.

O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.