Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Buyuk Britaniyaning “Global sheriklik boshqaruvi jamg‘armasi” (GPGF) nodavlat tashkiloti tomonidan Parlament komissiyasi a’zolari uchun O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi halqaro majburiyatlarini bajarish yuzasidan ikkinchi onlayn tajriba almashish treningi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya formatida o‘tkazilgan treningning asosiy maqsadi inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirish, mamlakatning halqaro maydondagi obro‘sini yanada mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha halqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, inson huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan siyosatni amalga oshirishda milliy va xalqaro tajriba almashishdan iborat.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, inson huquqlari bo‘yicha Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov, GPGF nodavlat tashkiloti eksperti Baronessa Elison Satti va GPGF nodavlat tashkiloti direktori o‘rinbosari Riannon Xollislar tadbir ishtirokchilarini samimiy qutladilar.
Parlament komissiyasining asosiy vazifasi etib inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, inson huquqlari masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish belgilangan. Shu bilan birga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ning davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi holatini o‘rganish va tanqidiy muhokama qilish ham muhim vazifadir.
Anjuman davomida xorijiy ekspertlar tomonidan davlatlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari va eng yaxshi amaliyotlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
Parlament komissiyasi davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslarining inson huquqlari sohasidagi milliy harakat rejalarini, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini hamda BMT tuzilmalarining tavsiyalarini bajarish bo‘yicha axborotini eshitish yuzasidan Oliy Majlis palatalariga takliflar kiritishga haqli.
Trening davomida inson huquqlari sohasida xalqaro tizimlashtirish va majburiyatlar, inson huquqlari sohasida monitoringlarni olib borishda gender tenglik nuqtai nazardan qarash, inson huquqlari sohasida parlament nazorati yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.
Treningning navbatdagi sessiyasi joriy yilning 25 yanvar kuni o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Nurillo Nasriyev, O‘zA