Mamlakatimizda ziyorat turizmi uchun bir qator qulayliklar yaratilib, xizmat ko‘rsatish tizimlari uchun alohida tartiblar belgilandi.
“Uzbekistan Airports” AJ va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorligida ishlab chiqilgan dastur asosida ziyoratchilarni tashish bo‘yicha mamlakatimiz xalqaro aeroportlarida xorijiy aviakompaniyalar havo kemalariga yerda ko‘rsatiladigan xizmatlarning asosiy turlari uchun e’lon qilingan ta’riflarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.
Bu haqda “Uzbekistan Airports” AJ axborot xizmati ma’lum qildi.
Shuningdek, parvozlar ko‘lamini kengaytirish va O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlar jozibadorligini oshirishda alohida ahamiyatga ega imtiyozlar berilishi ham ko‘zda tutildi. Unga ko‘ra, xorijiy aviakompaniyalar havo kemalariga yerda ko‘rsatiladigan xizmatlarning asosiy turlari bo‘yicha e’lon qilingan tariflarga 30 foizgacha tabaqalashtirilgan chegirma ham taqdim etiladi.
Mazkur chegirmalar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlariga yangi yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yish va ularni rivojlantirish taklifi bilan ilk bor murojaat qilgan xorijiy aviakompaniyalar uchun hamda O‘zbekiston Respublikasining hududiy aeroportlariga (aeroportlaridan) parvozlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviakompaniyalarning yangi yo‘nalishlari uchun va mavjud parvozlar sonidan tashqari shu yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha qatnovlar uchun amal qiladi.