Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Qiyin sinovlar keltirgan 2020 yil ortda qolib, yangi yil kirib keldi. Bu yil barchaga yangi umidlar bag‘ishlamoqda. Bunga hamohang barcha sohalarda, joylarda yaxshi o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.
Xususan, poytaxtimizda ham qurilish, yangilanish davom etmoqda. Shahar markazidagi Islom Karimov ko‘chasida Oliy Majlis Senati uchun yangi bino hozirlanayotganidan ko‘pchilik xabardor. Loyihaga ko‘ra, 6 qavatli eski bino tubdan rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha ob’ektlar qurilmoqda. bugungi kunda muhandislik tarmoqlari montaj qilinyapti.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi ishlarni ko‘zdan kechirdi.
O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Shu bois, Senatda doim ish “qaynaydi”. Yuqori palataning hayoti muhokama va muzokaralarga boy. Xorijiy delegatsiyalar ham ko‘p tashrif buyuradi. Parlament nazoratining o‘zi katta va o‘ta muhim vazifa.
Yangi binoda ana shunday barcha jihatlar inobatga olinib, senatorlar uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisini o‘tkazish uchun 280 o‘rinli zal tashkil etilmoqda. U milliy naqshlar bilan bezatilgan, zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan bo‘ladi.
Prezident bu yerda qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
– Parlamentimiz faol ishlayapti. Majlislar paytida bitta qonun loyihasi soatlab muhokama qilinadi. Shuning uchun ishtirokchilarning harakatlanishi, salomatligi, yoshi bilan bog‘liq har bir jihatni e’tiborga olish, shunga yarasha qulaylik yaratish zarur. Zalga quyosh nuri tushib tursa, kayfiyatga, ishga yaxshi ta’sir qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi binoda delegatsiyalar bilan uchrashuvlar, matbuot anjumanlari, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ham barcha sharoit yaratiladi.
Zargarlik mahsulotlari butun dunyoda xaridorgir. Jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga besh-olti foizga o‘sayotgani, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani uning ulkan eksport salohiyatidan dalolat beradi.
Mamlakatimizda ko‘p yillar bu tarmoq e’tibordan chetda qolgandi. Zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish to‘xtagan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 8 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda zargarlikni chinakam sanoat darajasiga olib chiqish vazifasini qo‘ygan edi. Ko‘p o‘tmay, o‘sha yili 18 mayda davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, sohaga chet el investitsiyalarini faol jalb etish, raqobatbardosh va sifatli zargarlik buyumlarini tayyorlashda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Yaqinda poytaxtimizning Chilonzor tumanida ishga tushirilgan “Gold Moon Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shu natijalardan biri.
Davlatimiz rahbari ushbu korxonaga tashrif buyurdi.
Loyihani amalga oshirish uchun qariyb 21 million AQSH dollari jalb etildi. Italiya, Germaniya va Turkiyaning zargarlik tarmog‘ida yetakchi hisoblangan firmalaridan zamonaviy asbob-uskunalar keltirildi.
“Gold Moon Tashkent” MCHJ direktori o‘rinbosari Hikmat Mahmudovning aytishicha, turli xildagi tayyor va yarim tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishga 200 dan ortiq usta-zargar jalb qilingan. Ishlab chiqarish jarayonida italiyalik dizayner va texnik xodimlar zargarlarga o‘z mahorat sirlarini o‘rgatmoqda.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, qimmatbaho metallar va toshlardan yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqariladi.
Zavodga xomashyo mamlakatimizdagi yirik tog‘-kon sanoati korxonalaridan birja savdolari orqali sotib olinadi. Zargarlik buyumlari “Fonon” brendi ostida bozorga chiqariladi.
Ushbu korxonaning ish boshlashi mahalliy hunarmandlar uchun ham qulaylik yaratdi. Korxona ularga yarim tayyor mahsulot yetkazib beradi.
Shuningdek, zavod binosida savdo do‘koni ham tashkil etilgan. Bu yerda nafis uslubda ishlangan, jozibadorligi va sifati bilan barchaga birdek manzur bo‘luvchi zargarlik buyumlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan.
Savdo do‘konida sotuvchilar tomonidan har bir mijozning didi va xohishiga ko‘ra eng nodir zargarlik mahsulotlari tavsiya etiladi.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirib, xodimlar bilan muloqot qildi.
– Zargarlik xalqimizda azaldan bo‘lgan, bugun ham bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bizning maqsadimiz – yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga o‘rgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan ta’minlash, O‘zbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xomashyo, qo‘li gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy an’analarni tiklash, o‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan ham katta poydevor.
Korxona an’anaviy o‘zbek zargarlik buyumlarini Yevropa va Italiya dizayni bilan yanada boyitish, asillik darajasi va sifatini kafolatlash, tillaga ishlov berish usullarini ko‘paytirish orqali noodatiy taqinchoqlar ishlab chiqarish, oltin va kumush yombilar savdosini yo‘lga qo‘yish, Hindiston, Afrika va Shri-Lankada ishlov berilgan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlardan foydalanib, taqinchoqlar yasashni maqsad qilgan.
bugungi kunda mahsulotlarga xaridor ko‘payib, import o‘rnini bosmoqda. Mahsulotlar Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga eksport qilinadi.
Zargarlik sohasini rivojlantirish hamda raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish ustuvor vazifalardan. Mazkur zargarlik buyumlari korxonasi ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida joriy yilda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan 5 mingdan ortiq bemor ilk bor bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olinishi, buning uchun byudjetdan 140 milliard so‘m ajratilishini ta’kidlagan edi.
Davlatimiz rahbari shu yo‘nalishdagi yangi majmua – Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi qurilish ishlari bilan tanishdi.
Yurtimizdagi tabiiy sharoit buyrak kasalliklarini keltirib chiqarish omillaridan biri. Masalan, o‘tgan yili surunkali buyrak kasalligi bilan 118 mingdan ziyod bemor dispanser kuzatuvida bo‘lgan. Ularning 23 ming nafarida surunkali buyrak yetishmovchiligi kuzatilgan, 5 mingdan ziyodi gemodializga muhtojlik sezgan. Bu kabi muammolar davolashning zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish zaruratini qo‘yayotgan edi.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanida qurilayotgan tibbiyot markazi shu boradagi ishlardan biridir. Bu joy ilgari Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi edi. Uning eskirgan binosida gemodializ olish uchun o‘rinlar soni ehtiyojdan bir necha baravar kam, aholiga sifatli nefrologiya yordami ko‘rsatish imkoniyati ancha cheklangan edi.
Prezidentimizning 2018 yil 12 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mazkur shifoxona negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi.
Ilgari gemodializ muolajalarida dializatorlar ko‘p marotaba ishlatilar edi. Sohaga e’tibor tufayli 2019 yil noyabr oyidan boshlab gemodializ bemorlar uchun dializatorlardan bir marotaba foydalanishga o‘tildi. Bu tibbiyotimizdagi inqilobiy yutuq bo‘lib, davolash sifatini keskin oshirish, bemorlar umrini uzaytirish, qon orqali yuqishi mumkin bo‘lgan turli kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Yangi markazda buyrak yetishmovchiligi kasalliklarini davolashda eng ilg‘or xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. bugungi kunda bu yerda ikkita yangi davolash korpusi barpo etilmoqda. Joriy yilda 3-4-korpuslar foydalanishga topshiriladi. Kelasi yili mavjud binolar ta’mirlanadi.
Shavkat Mirziyoyev qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
– Yurtimizda nefrologiya rivojlanmagan. Ayniqsa, hududlarda klinikalar ham, mutaxassislar ham yetishmaydi. Ko‘pchilik bemorlar shifoxonaga kasallikning oxirgi bosqichida kelyapti. Shuning uchun, avvalo, odamlarning bu bo‘yicha bilimi, xabardorligini oshirish kerak. Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda ham shifoxonalar tashkil etib, bu markaz bilan onlayn bog‘lash, tarmoqqa aylantirish, tizimli profilaktika ishlarini yo‘lga qo‘yish zarur, – dedi Prezident.
Hududlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlarni ushbu markazda o‘qitib, malakasini oshirish, davolanish uchun moddiy imkoniyati yo‘q bemorlarni davlat himoyasiga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Besh qavatli davolash korpusi 170 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda transplantatsiya, gemodializ, reabilitatsiya, ekstrakorporal detoksikatsiya, buyrak autoimmun kasalliklari, intensiv nefrologiya, bolalar va kattalar reanimatsiya bo‘limlari, shuningdek, nefrologiya va gemodializ, buyrak transplantatsiyasi mutaxassisliklari kafedralari, poliklinika, dorixona joylashadi. Barcha bo‘limlar yuqori texnologik tibbiy uskuna va jihozlar bilan ta’minlanadi.
Ikki qavatli yana bir binoda 60 ta kattalar va bolalar gemodializ apparatlari o‘rnatiladi. Ahamiyatlisi, markazda birinchi marotaba bolalar gemodializ xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Markazdagi qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va qamrovi oshadi. Ambulator va statsionar tartibda 100 dan ortiq tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, yiliga 60 mingdan ortiq gemodializ muolajalari, 150 ta noyob buyrak ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik amaliyotlar bajariladi.
Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining 7 ta kafedrasi shu yerda faoliyat yuritadi. Bu nefrologiya sohasida “ta’lim – amaliyot – ilm-fan” integratsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi. Ilg‘or xorijiy tibbiyot markazlari bilan birgalikda yangi davolash texnologiyalari va standartlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.
Shuningdek, mazkur muassasa boshqa ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, hududlardagi shifoxonalar bilan hamkorlikda aholini muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib boradi.
Markazda Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan hamkorlikda ilmiy loyihalar va tajriba almashinuv platformasi yaratiladi. bugungi kunda Turkiyaning Bashkent, Germaniyaning Manngeym universitetlari klinikalari, Rossiyaning Akademik V.Shumakov nomidagi transplantologiya va sun’iy organlar ilmiy-tadqiqot tibbiyot markazi bilan hamkorlikda mahalliy kadrlarning ushbu markazlarda malakasini oshirish yo‘lga qo‘yilgan.
Kelgusida davlat-xususiy sheriklik asosida markazni tibbiyot klasteriga aylantirib, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish, xorijdagi markazlarni mamlakatimiz mintaqalariga biriktirib, buyrak kasalliklarini erta aniqlash va davolash sifatini oshirish, dializ hamshiralarini o‘qitish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Aholi turmush darajasida mahallalardagi sharoit, infratuzilma va xizmatlar sifati muhim omil. Islohotlar natijalari, sohalardagi o‘zgarishlar ham avvalo mahallada seziladi.
Shu bois, Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha ishni mahallalarda tashkil etishi, muammolarni o‘rganib, ularga yechim topishi zarurligini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, mahalla idorasining vakolatini kengaytirish, rais va xodimlarning moddiy ta’minotini yaxshilash bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilgan edi.
Davlatimiz rahbari shunday ishlar bilan tanishish maqsadida Yunusobod tumanidagi “Yangibog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.
Bu yerda 7 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. 2 mingdan ziyod oila mavjud. Yangi qurilgan mahalla guzari binosida keng sharoitlar yaratilgan.
Shu yerda Yunusobod tumanidagi mahallalar faollari bilan muloqot bo‘ldi.
– Mahalla raisi – Prezidentning quyi bo‘g‘indagi ustuni. Mahallaning iqtisodiyotini o‘zgartirsak, jamiyatimiz o‘zgaradi. Buning uchun yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, “Har bir oila – tadbirkor” dasturidan samarali foydalanish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ko‘p qavatli uylarga sifatli xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyalari tashkil etish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maishiy xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri tumanlarining hokim va sektor rahbarlari, Yunusobod tumani mahalla raislari, yoshlar bilan muloqot qildi.
Poytaxtimizda mahallabay ishlash tizimi barcha tumanlarda joriy etilmoqda. Shu maqsadda maxsus ishchi guruh tomonidan Yunusobod tumanidagi 63 ta mahallaning rivojlanish darajasi, mavjud muammo va imkoniyatlari o‘rganilgani qayd etildi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri shu borada axborot berdi.
Yunusobod tumanini 2021-2022 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Sanoat va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish yo‘nalishida umumiy qiymati 14,4 trillion so‘mlik 141 ta yirik va o‘rta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Ular doirasida 936 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirib, qariyb 8 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb etish maqsadida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 1 milliard so‘m subsidiya ajratilib, tumandagi 260 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanadi. Mehnat organlari yo‘llanmasi asosida 600 nafardan ziyod ishsiz kasb-hunarga o‘qitiladi.
Infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari ham belgilangan. Xususan, joriy yilda 75 kilometr issiqlik va 108 kilometr elektr tarmoqlari, 101 ta transformatorda ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi. 86 ta ko‘cha kapital ta’mirlanadi.
Yig‘ilishda mahalla raislari o‘z hududidagi muammolarni bartaraf etish, sharoitlarni yaxshilash, yangi korxonalar tashkil qilish bo‘yicha takliflarini aytdi. Davlatimiz rahbari bu bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Matnazar ELMURODOV,
Abdulaziz MUSAEV,
O‘zA muxbirlari