Davlatimiz rahbari 2021 yil 14 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritildi.
Unga ko‘ra, adliya organlarining bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarini bajarmaslik, shu jumladan, o‘z vaqtida yoki to‘liq bajarmaslik mansabdor shaxslarga BHMning ikki baravaridan besh baravarigacha (446 ming so‘mdan 1 million 115 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga BHMning besh baravaridan yetti baravarigacha (1 million 115 ming so‘mdan 1 million 561 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zA