Bugun, 14 yanvar kuni Prezident farmonlariga muvofiq harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan bir guruh harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga ushbu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, tegishli farmonga binoan O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov general-leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlandi.
Unga ushbu harbiy unvonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yili O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘sha paytdagi mudofaa vaziri, hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov general-leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlangan edi. Shuningdek, o‘sha yili Milliy gvardiya qo‘mondoni Bahodir Toshmatov general-polkovnik harbiy unvoni bilan, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov esa general-leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlangan edi.
Ma’lumot o‘rnida: general-leytenant harbiy unvoni O‘zbekistonda darajasi jihatidan 3-o‘rinda turadi (armiya generali va general-polkovnik unvonlaridan keyin).