O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni arafasida Ellikqal’a tumani Mudofaa ishlari bo‘limi binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda tegishli tashkilot rahbarlari, mudofaa vazirligi faxriylari, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida Ellikqal’a tumani hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari S. Avezov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi mas’ul ofitseri, podpolkovnik J.Bazarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi, podpolkovnik Q. Islamov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, Vatan himoyachilariga yaratilayotgan shart-sharoitlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarning armiya, harbiy-vatanparvarlik tarbiya haqidagi ilk taassuroti Mudofaa ishlari boshqarmasi, uning shahar va tuman bo‘limlarida shakllanadi. Ellikqal’a tumani Mudofaa ishlari bo‘limi binosi 1987 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, xodimlar xizmatni to‘la sharoitga ega bo‘lmagan xonalarda olib borishayotgan edi. Sohaga qaratilayotgan e’tibor sabab tuman mahalliy byudjetidan ajratilgan 740 million so‘m mablag‘ evaziga qayta ta’mirlandi. Natijada safarbarlik o‘quvlarini o‘tkazish, xizmat xonalari, sport zali, oshxona zamonaviy milliy dizayn asosida ta’mirlanib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi.
Tadbirda tuman hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari S.Avezovga Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasining tashakkurnomalari topshirildi.
Ishtirokchilar binoda yaratilgan sharoitlar va harbiy o‘quv qurol-aslahalari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Shuningdek, bo‘lajak harbiylarning chiqishlari namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA