Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) xabar berishicha, Qatarda 26-27 noyabr kunlari Ma’muriy nazorat va oshkoralik idorasi tashkilotchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi huquq-tartibot vazirlari ikkinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Majlis matbuot kotibi Abdulvahob Solih Al-Kuvariy anjumanning ahamiyati xususida shunday dedi:
– Korrupsiyaga qarshi kurash endi nafaqat protsessual vazifa, balki har bir insondan talab qilinadigan mas’uliyatdir. Endi davlat amaldorlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolik jamiyati a’zolari va boshqalar hamkorlik qilishi, birlashishi lozim.
Bo‘lajak matbuot anjumani va vazirlar yig‘ilishi umumiy maqsadga erishish yo‘lida samarali qadam bo‘lib, biz korrupsiyaga qarshi kurashni xalqlar, millatlar manfaati yo‘lida olg‘a siljitadigan tajriba va amaliyot almashishdan umidvormiz. Mazkur uchrashuv Makka konvensiyasida nazarda tutilgan jinoyatlarning oldini olish, bunday salbiy holatlarni aniqlash, tergov qilish va jinoiy javobgarlikka tortishga ko‘maklashish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini ta’minlash maqsadida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Bu galgi global forumga 56 a’zo mamlakatdan Ichki ishlar, Prokuratura, Adliya tizimi mas’ullari, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkiloti Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (Interpol) jalb etildi. Anjumanda “Egmont” guruhi, Xalqaro aksil korrupsiya akademiyasi, Jahon banki, Arab davlatlari ligasi, Arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibiyati, Ko‘rfaz arab davlatlari, Afrika Ittifoqi, Yevropa Ittifoqi va GLOBE tarmog‘i kabi tuzilmalar ham ishtirok etadi.
IHTga a’zo davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vazirlari birinchi yig‘ilishi 2022 yil Saudiya Arabistoni Jidda shahrida “IHTga a’zo davlatlarning korrupsiyaga qarshi huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi to‘g‘risidagi Makka konvensiyasi” loyihasini ma’qullash maqsadida o‘tkazilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA