Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo qit’asida Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 6-turi doirasida KXDR termasiga qarshi safarda o‘ynaydi.
Uchrashuv Laosning Ventyan shahridagi “Lao” stadionida Toshkent vaqti bilan 17:00 da boshlanadi. Bahsni quvaytlik hakamlar brigadasi boshqaradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak o‘yinda Ali Ahmad bosh hakam sifatida ishlasa, unga qanotlarda Alanezi Abdulhadi va Abbos Ahmad yordam beradi. To‘rtinchi rasmiy hakam — Ammar Ashkanani, VAR’da esa Abulloh Jamali faoliyat ko‘rsatadi.
Milliy terma jamoamiz bu bellashuvda to‘liq ko‘k, darvozabonimiz esa yashil libosda harakat qiladi. KXDR futbolchilari esa an’anaviy qizil formada maydonga tushadi.
Mazkur uchrashuvdan avval har ikkala terma jamoaga oid statistikani e’tiboringizga havola qilamiz.
Vakillarimiz KXDR termasi bilan jami 12 marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. Ushbu o‘yinlarning 6 tasi o‘rtoqlik, 5 tasi jahon chempionati saralashi va bittasi Osiyo kubogi doirasida o‘tkazilgan. Unda vakillarimiz 7 marotaba g‘alaba qozongan bo‘lsa, 3 durang qayd etilgan va 1 marotaba mag‘lub bo‘lgan.
E’tiborli jihati shundaki, ilk marta 1998 yil o‘tgan O‘zbekiston – KXDR uchrashuvida 4:0 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, so‘nggi bahs joriy yilning 5 sentyarb kuni Jahon chempionati 3-saralash bosqichining birinchi davrasida o‘tkazilgan va unda futbolchilarimiz Toshkentda 1:0 hisobida zafar quchgan.
Umid qilamizki, terma jamoamiz jahon chempionatining 3-saralash bosqichi 6-turida g‘alaba qozonadi va o‘tgan turdagi mag‘lubiyat alamini oladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu saralashda terma jamoamiz “A” guruhida 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Eron esa 13 ochko jamg‘argan holda yaqqol peshqadamga aylangan. BAA hamda Qatar termalari hisobidagi ochkolar 7 taga yetdi va ular 3-4-o‘rinlarga joylashdi. Qirg‘iziston 3, KXDR 2 ochko bilan keyingi pog‘onadan o‘rin egalladi.
Bugun, bu guruhda Qirg‘iziston – Eron, BAA – Qatar terma jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek, mazkur saralash bosqichida “B” va “C” guruhlarida quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi:
“B” guruhi: O‘mon – Iroq, Quvayt – Iordaniya, Falastin – Janubiy Koreya;
“C” guruhi: Xitoy – Yaponiya, Indoneziya – Saudiya Arabistoni, Bahrayn – Avstraliya;
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA